Dmitriy Peskov Putinning virusologga aylanib borayotgani haqida hazil qildi
Rossiyada koronavirus epidemiyasi boshlaganidan beri davlat rahbari Vladimir Putin ushbu mavzuga shu qadar chuqur kirib ketdiki, borgan sari ekspert virusolog bo‘lib shakllanmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Rossiya 1” telekanali efirida ma’lum qilgan, deb yozmoqda “RBK”.
Peskov Putinning “Rossiyada hamma virusolog” deya hazil qilganini eslatdi. “Shaxsan men Putinning virusologga aylanish yo‘lidan borayotganiga shubha qilmayman”, — degan Peskov.
Federal tibbiy-biologik agentligi bolalar ilmiy-klinik markazi direktori Yuriy Lobzin ham Putin bilan suhbatlashganida uning kasallik haqidagi ma’lumotlarni bilishidan hayratga tushganini ta’kidlagan. Lobzinning aytishicha, har qanday professional shifokor ham bunday axborotga ega emas.
Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan 7-aprelda o‘tkazilgan yig‘ilishda Putin mamlakatdagi hammani virusologlar deb hisoblashini qayd etgan. Biroq koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligini inobatga olib birinchi navbatda haqiqiy mutaxassislarning tavsiyalariga quloq solish kerakligiga urg‘u bergandi.
Mavzuga doir: Putin koronavirusga qarshi vaksinaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini tezlashtirishga buyruq berdi