Ukraina Ichki ishlar vazirligi Xitoyda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhni fosh qildi. Bu haqda vazir o‘rinbosari Anton Gerashenko Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilgan.
Guruhni reproduktiv klinika bosh shifokori bo‘lgan ukrainalik ayol va uning o‘g‘li tashkil etgan. Ushbu bola savdosi tizimida uch nafar xitoylik hamda ikki nafar ukrainalik ham ishtirok etgan, ularning aynan nima ish qilgani haqida ma’lumot berilmagan. Chaqaloqlar yolg‘iz yashovchi xitoyliklarga, besoqolbozlarga sotilgan, deya qayd etgan Ukraina IIV.
Xitoy fuqarolari farzandli bo‘lish uchun ukrainalik surrogat onalar xizmatidan foydalangan, ular donorlardan olingan tahlillardan homilador bo‘lib bola tug‘ib bergan. Chaqaloqlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari Xitoydagi xaridor va uning soxta rafiqasi nomiga rasmiylashtirilgan. Shu tariqa XXR fuqarosi Ukrainaga kelish va farzandini mamlakatdan olib chiqish huquqini qo‘lga kiritgan.
Gerashenkoning yozishicha, ushbu yo‘l bilan sotilgan chaqaloqlar soni qancha ekani aniqlashtirilmoqda, ushbu jinoiy sxemada ishtirok etgan 140 nafar xitoylik ustidan tekshiruv olib borilmoqda.
Mavzuga doir: Olmaotada o‘zbekistonlik ayolning yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini 3 ming dollarga sotgan hamshira qo‘lga olindi
Izoh (0)