Tokioda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Olimpiada o‘yinlari koronavirus sabab 2021-yilga qoldirilgani haqida xabar berilgandi. Samsung Electronics kompaniyasi bu orqali 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan smartfonlarini yapon iste’molchilariga taqdim etish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. 2021-yilda Apple 5G’ga mos keladigan iPhone modelini taqdim etgudek bo‘lsa, u Samsung bilan bir qatorda raqobat qila boshlaydi, deb xabar beradi 3Dnews.

Foto: Reuters

Counterpoint Research ma’lumotlariga ko‘ra, Apple mahsulotlari yapon bozorining 53 foizini egallaydi, Samsung esa 4 foizini. Janubiy Koreya kompaniyasi Olimpiada—2020 o‘yinlariga katta umid bog‘lagandi. Samsung 5G orqali Apple’ni ortda qoldirib, yapon bozoridagi pozitsiyasini mustahkamlab olishi mumkin edi. Mijozlar sport musobaqalarini amalda bo‘lgan 5G tarmoqlari orqali kuzatishi, shu sababli Samsung’ning yangi smartfonlarini xarid qilishlari taxmin qilingandi.

Janubiy Koreya kompaniyasining Yaponiya bozorida u qadar mashhur emasligi subyektiv siyosiy omillar bilan izohlanadi. Ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy kelishmovchilik yapon iste’molchilarida qandaydir tarafkashlikni yuzaga keltirgan. Samsung 2015-yildan beri Yaponiyada sotiladigan smartfonlarida o‘z nomidan foydalanmaydi, shunchaki — Galaxy savdo markasi. Yapon auditoriyasini jalb etish uchun Samsung 2019-yilda sakkiz qavatli do‘konini ochgan bo‘lib, u yerdan minglab turdagi Janubiy Koreya smartfonlari o‘rin olgan.

Samsung hatto Yaponiya bozoriga mahalliy telekommunikatsiya operatorlaridan biri bilan hamkorlikda tayyorlangan 5G tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi Galaxy S20 flagmanining maxsus versiyasini taqdim etish zaruriyatini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Navbatdagi Olimpiada o‘yinlari qachon o‘tkazilishi aniq emas, biroq taxminlarga ko‘ra, 2021-yilning yozida o‘tkazilishi mumkin. Bu vaqtga kelib Apple 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan o‘zining yangi avlod iPhone’larini taqdim etishi mumkin.