AQSh elchisi Deniyel Rozenblyumning supermarketda uyiga oziq-ovqat mahsulotlari xarid qila turib, o‘zbekistonliklarga o‘zbek tilida salomatlik tilagani aks etgan video elchixonaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirildi.

Videoda niqob taqib olgan Deniyel Rozenblyum O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiy etib belgilanganiga to‘rt kun bo‘lgani, u ham boshqalar kabi ayni paytda aksariyat vaqtini uyda, oilasi bilan o‘tkazayotganini aytib o‘tadi.

“Koronavirus O‘zbekistonda ham tarqala boshladi. Bu yerda boshqa mamlakatlar kabi shifokorlarning so‘zlariga quloq solishimiz, odamlar bilan masofa saqlashimiz, zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmay, uyda qolishimiz kerak”, — deydi savatga sabzavotlar joylayotgan elchi.

Shundan so‘ng elchi kartoshka solingan savatni ko‘tarib, yopgan non turgan rasta oldiga kelib, o‘zbekistonliklarga sog‘liq va uzoq umr tilaydi hamda bitta nonni olib savatga paketsiz solingan kartoshka ustiga qo‘yadi.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari videoning aynan mana shu qismiga e’tibor qaratib, elchining harakatlarini muhokama qilmoqda.

“Qo‘lqopingiz qani, akasi? Ishqilib ‘perchatka’siz yurganingizda tekkan narsalaringizni joyiga qo‘ymay uyga olib ketdingizmi?” , — deb yozib qoldirdi Instagram foydalanuvchilaridan biri.

Yana bir necha foydalanuvchi “Nonni savatga nega solasiz?”, “Non, kartoshka — hammasi bitta idishda” qabilidagi izohlarni qoldirdi.

27-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 88 kishida koronavirus aniqlandi.