Yevropa mamlakatlari ko‘chalari koronavirus karantini tufayli huvullab qoldi.

Ispaniyada kabutarlarni oziqlantiradigan mahalliy aholi va sayyohlar endilikda uyda o‘tiribdi. Bu holat qushlarning och qolishiga hamda buning ortidan har zamonda ko‘chada ko‘rinib qoladigan odamlarga tashlanishiga olib kelmoqda.

Ispaniya sharqida joylashgan Benidorm shahrida kabutarlar galasi o‘tkinchi ayolga “hujum qilayotgani” videoga tushib qoldi. Keksa ayol bino burchagiga o‘tib, qushlardan yashirinishga urinadi, biroq kabutarlar ayolni yo‘lning o‘rtasiga chiqishga undaydi.

Ispaniya Yevropa davlatlari orasida kasallar soni bo‘yicha Italiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinda bormoqda. Hozirda Ispaniyada koronavirus yuqtirib olganlar 42 ming kishidan oshib ketgan.