Butunjahon boks tashkiloti (WBO) koronavirus sababli barcha rejalashtirilgan musobaqalarini iyun oyigacha qoldirilganini e’lon qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: WBO

“Butunjahon bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus pandemiyasi fonida WBO barcha boks musobaqalarini 2020-yil iyuniga qadar kechiktirdi. Bu boradagi yangiliklar berib boriladi”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, shu kunga bir nechta boks kechasi bekor qilindi. Jumladan, yarim og‘ir vazn toifasida WBC, IBF kamarlari sohibi Artur Beterbiyevning 28-mart kuni Fanlung Mengga qarshi o‘tishi rejalashtirilgan jangi ham virus sabab bekor qilindi.

Yarim og‘ir vazn toifasida (-79,3 kg) o‘tishi rejalashtirilgan Sergey Kovalyov va Sallivan Barrera o‘rtasidagi jang bekor qilindi. Ushbu jang 25-aprel kuni AQShning Indio shahrida bo‘lishi lozim edi. Ushbu jang oqshomida ringga chiqishi kutilgan yaponiyalik yengilmas bokschi Naoya Inue ham Jon Kazemiroga qarshi jangni boshqa muddatda o‘tkazishi ta’kidlandi.

2-may kuni Las-Vegasda professional boksning o‘rta vazn toifasida o‘tishi rejalashtirilgan ushbu vazndagi WBA chempioni Saul Alvares hamda supero‘rta vazndagi WBO chempioni Billi Jo Sanders o‘rtasidagi jang ham o‘z vaqtida bo‘lmasligi e’lon qilindi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!