Osiyo futbol konfederatsiyasi Chempionlar Ligasining qolgan uchrashuvlarini qay tarzda o‘tkazish borasida o‘z variantini taqdim etdi, deya xabar qilmoqda Alisher Nikimbayev.
Avvalroq G‘arb mintaqasi vakillari ishtirokida Doha (Qatar, Eron va Iroq) va Dubay (BAA va Saudiya Arabistoni) shaharlarida mazkur masala muhokama qilingandi. Unda uchta variant ilgari surilgan, ulardan biri musoboaqani iyulning oxiriga qoldirish va har bir guruh o‘yinlariga bittadan mezbon tayinlashdan iborat edi.
OFK qaroriga ko‘ra, G‘arb mintaqasida Chempionlar Ligasi avgust oyidan davom ettiriladi va mamlakatlararo parvozlarsiz bo‘lib o‘tadi. Bu shundan dalolat beradiki, OFK har bir guruh o‘yinlari uchun bittadan mezbon tayinlaydi. Arizalar qabul qilinadi va ular ichidan munosiblari tashkilot tomonidan tanlanadi.
O‘zbekiston ham guruhlardan birini o‘zida qabul qilish imkoniyatiga ega. “Paxtakor” ishtirok etayotgan “B” guruhi o‘yinlari Toshkentda bo‘lib o‘tish ehtimoli mavjud.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki ikki turdan so‘ng “Paxtakor” klubi 6 ochko jamg‘argan holda Saudiyaning “Al-Hilol” jamoasi bilan birgalikda peshqadam bo‘lib turibdi. Musobaqa koronavirus tufayli to‘xtab qolgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)