Kimlardir u olib borayotgan siyosatni qoralaydi, kimlardir uchun esa u shunchaki daho. Ba’zida uning so‘zlaridan shokka tushish, faoliyatidan mantiq qidirish va bu kabi sifatlar uning shaxsiga qiziqishni yanada ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Zamonamizning eng ziddiyatli siyosatchilaridan biri, qayerda va kim bilan ekanligidan qat’i nazar hamisha aytar so‘zi va pozitsiyasi bo‘lgan Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bugun, 26-fevral kuni, 66 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan uning hayoti va faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Kimsiz o‘zi, janob Erdo‘g‘on? 

Foto: Google Images

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 1954-yil 26-fevralda Turkiyaning Istanbul shahrida tug‘ilgan. Millati haqida gap ketganda asosiysi musulmon ekanini ta’kidlaydigan davlat rahbari gruziyalik jurnalistlarga bergan intervyularidan birida ajarlarga bog‘liqligini tilga olgan, lekin keyinroq bu so‘zlarni inkor qilgan. Bo‘lajak prezidentning otasi sohil qo‘riqchisi, onasi esa uy bekasi bo‘lgan.

Yosh Toyyib ota-onasiga moliyaviy ko‘maklashish maqsadida shaharning xavfli hududlarida simit (shirinlik) va limonad sotgan. 1965-yilda Piyale Pasha boshlang‘ich maktabini tamomlagach, imom-xatiblik litseyiga qabul qilingan.

Erdo‘g‘on “Fenerbaxche” futbol klubida.

Foto: Google Images

Yoshligida aksar bolalar singari futbolga qiziqdi va “Fenerbaxche” futbol klubida yarim professional o‘yinchi sifatida to‘p surdi. 1981-yili Marmara iqtisodiyot universitetini tamomladi. Siyosat bilan shug‘ullanishni talabalik yillaridayoq boshladi. 1975-yilda Beyo‘g‘luda “Milliy najot partiyasi” yoshlar harakatiga asos soldi. 1994-yilda Istanbulga hokim bo‘ldi, 1997-yilda esa u qo‘llab-quvvatlagan “Farovonlik” partiyasi taqiqlandi va Erdo‘g‘on 10 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

1999-yilning iyulida muddatidan avval ozod qilindi. Keyinchalik “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga rahbarlik qildi.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

2002-yilda parlamentda Erdo‘g‘on partiyasidagilar ko‘pchilikni tashkil qildi, bu esa bir partiyali hukumatni shakllantirishga imkon berdi. 2003-yilda u Turkiyaning bosh vaziri etib tayinlandi. 2014-yil Turkiyada bo‘lib o‘tadigan ilk xalq saylovida 52 foiz natija bilan xalq tomonidan saylangan ilk prezident bo‘ldi. 2018-yil 24-iyunda amaldagi rahbar 52,5 foiz natija bilan yangidan prezident etib saylandi.

Do‘stlikdan dushmanlikka bir qadam

Foto: Google Images

Avvaliga Erdo‘g‘on va “Xizmat” harakati asoschisi Gulen ustoz-shogirdlik munosabatida bo‘lgan. Gulen ilgari surgan islomiylikka asoslangan g‘oyalar o‘sha vaqtda xalq ichida mashhur bo‘lib borgan va tashkilot tomonidan maktablar ochilgan. U yerni bitiruvchilari OAV nodavlat tashkilotlarida faoliyat yuritgan.

Bora-bora maktablar nafaqat Turkiya, balki boshqa mamlakatlarda ham ochildi. “Adolat va rivojlanish” partiyasi hamda “Xizmat”ni umumiy qarashlar birlashtirib turgan “gulenchilar” va “adolatchilar” 2002-yilda hamkorlikda faoliyat olib bordi. “Xizmat” partiyani saylovda muntazam qo‘llab-quvvatlardi.

Biroq Gulenning Erdo‘g‘on siyosiy xatti-harakatlarini tanqid qilishga jazm qilgani o‘sha vaqtlarda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Erdo‘g‘onga yoqmadi va alaloqibat 2013-yilda do‘stona munosabatlarning o‘rtasidan darz ketdi. Bunga Gulen Erdo‘g‘on qo‘l ostidagi ba’zi vazirlarni poraxo‘rlikda ayblagani va ularni ishdan bo‘shatishni tavsiya qilgani hamda Istanbul markazidagi Gezi Park’ning buzilishiga qarshi tinchlik ruhida o‘tkazilgan aksiyaga politsiyaning qat’iy choralar ko‘rganini qoralagani sabab bo‘lgandi. Hukumat o‘tkazilgan namoyishni tinchlik yo‘li bilan tarqatmagani, aksincha, shunchaki pozitsiyasini bildirgan xalqqa nohaq munosabatda bo‘lgani fuqarolarning ko‘chada namoyishga chiqishiga olib keldi. Politsiya bilan to‘qnashuvda bir necha kishi halok bo‘ldi. Bu kabi harakatlar ortida Gulen turganidan shubhalangan Erdo‘g‘on “Xizmat”ga qarashli tayyorlov kurslaridan tortib o‘quv muassasalarigacha hammasini yopishni buyurdi.

Foto: Google Images

Biroz muddatdan so‘ng Turkiyada “katta pora” operatsiyasi o‘tkazilib, unda Erdo‘g‘on atrofidagi 52 kishi hibsga olindi. Asosan partiya a’zolari, ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar, Halkbank’ning boshqaruvchilari, shuningdek, uch vazirning o‘g‘li qamoqqa olindi.

Gulen yarashmoqchi bo‘lib maktub yozdi, lekin munosabatlarni tiklashga kech edi.

Duel ochiqchasiga urushga aylandi, keskin choralar ko‘rildi. Turkiyada “Xizmat”ga aloqasi borlarning, xususan, tashkilotga xizmat qilinganlikda gumon qilingan politsiya xodimlari va jurnalistlarning bari hibsga olindi. 2014-yilda Istanbul sudi prokuratura talabiga binoan Gulenni mamlakat rahbariyati so‘zlashuvining noqonuniy tinglashda ayblab hibsga olish haqida qaror chiqardi. Ko‘p o‘tmay hukumat “gulenchilar” harakatini terroristik tashkilot, tashkilotning targ‘ibot kitoblarini esa ekstremistik adabiyot deb e’lon qildi.

Gulenga aloqador ta’lim muassasalari va OAVda “tozalash ishlari” olib borildi. Davlat to‘ntarishiga urinishdan bir kun oldin – 2016-yil 14-iyulda Anqara prokuraturasi Gulenni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida AQSh Adliya vazirligiga rasmiy so‘rov yubormoqchi bo‘ldi.

O‘zi bekor qilgan o‘lim jazosini tiklamoqchi bo‘lgan siyosatchi

Foto: Google Images

Erdo‘g‘on amalga oshirgan islohotlarning aksariyati Yevropa ittifoqiga kirishga qaratilganiga qaramay, 2015-yilda Turkiya Yevropa ittifoqiga qo‘shilish uchun yalinmoqchi emasligini ma’lum qildi. 2016-yil iyulda Turkiyada davlat to‘ntarishga urinish bo‘lib o‘tdi va uni tashkillashtirishda Fathulloh Gulen ayblandi.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

Asosiy to‘qnashuvlar Istanbul va Anqarada bo‘lgan, isyonchilarni hisoblamaganda 250 kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi yaralangandi. Ayblanayotgan Gulen OAVda chiqish qilib kelgusida ko‘plab odamlarni ayblash uchun bularning bari Erdo‘g‘on tomonidan uyushtirilganini bildirdi. Davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng Erdo‘g‘on o‘lim jazosini bekor qilib, xatoga yo‘l qo‘yganini bildirdi va ushbu jazoni tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Aslida 2004-yilda Yevropa ittifoqiga qo‘shilish maqsadida rasman bekor qilingan o‘lim jazosini tiklash haqidagi so‘zlaridan keyin ittifoqqa kirish ehtimoli yanada murakkablashdi. Ittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Turkiyada o‘lim jazosi tiklansa, u Yevropa ittifoqiga kira olmasligini bildirdi. Bunga javoban Erdo‘g‘on Yevropa mamlakatlari va Yevroittifoq institutlari Turkiyaga nisbatan samimiy siyosat yuritishini xohlashini bildirdi.

Erdo‘g‘on sobiq safdoshini to‘ntarilishni uyushtirganlikda aybladi. Bu voqeadan keyin tozalash ishlari avjiga chiqdi. Bu safar davlat boshqaruvi, armiya, maxsus xizmat hamda ta’lim muassasalarida Gulen bilan aloqasi borligi gumonlangan jami 32 ming kishi hibsga olindi, yana 10 mingga yaqin fuqaro lavozimidan ozod etildi. To‘rt yil avval boshlangan “tozalash ishlari” bugunga qadar davom etib kelmoqda.

Erdo‘g‘on: BMT nega jim?

Erdo‘g‘on tashqi siyosatda o‘zining keskin qarashlari, pozitsiyasi bilan turli munosabatlarga sababchi bo‘lib keladi. BMT bosh assambleyasining 74-sessiyasida so‘zlagan nutqi OAVda bomba materiallar, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sababchi bo‘lgan. Unda bir qancha mavzuga to‘xtalgan prezident Isroilni ochiqchasiga tanqid qilish bilan birga, BMT qarorlari amalga oshirilmasligini ta’kidlagan.

https://youtu.be/TasmoXfOLQI

Germaniya saylovoldi jarayonlarida “Xristian demokratlari”, “Sotsial-demokratlar” va “Yashillar” partiyasini Turkiyaning dushmani deb atab, Germaniyada istiqomat qiluvchi vatandoshlarini ovoz bermaslikka chaqirgan.

Bu kabi keskin munosabatlar Rossiya, AQSh, Suriya va Isroil bilan ham kuzatilgan. 2015-yilning 24-noyabr kuni Turkiyaning F-16 qiruvchisi Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirgan. Rasmiy Anqara Rossiya harbiy samolyoti Turkiya havo chegarasini buzganligini e’tirof etgan. Kreml esa buni rad etib, havo kemasi Suriya hududidan o‘tmaganini uqtirgan. Bu holatni Turkiya prezidenti “qora ko‘lanka” deb atagan. Bu voqea Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yomonlashuviga sabab bo‘lgan. Ammo keyinroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rossiyalik hamkasbi Vladimir Putindan urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchuvchisining o‘limi uchun uzr so‘ragan.

Keyinchalik Turkiyaning Rossiya bilan munosabatlari yaxshilandi. AQShning kurdlarga yordami, Yevropaning sanksiyalari fonida Rossiya Turkiyaga C-400 tizimlarini yetkazib berishni boshlashi tufayli Vashington jazavaga tushdi va ikki davlat orasidagi munosabatlar keskinlashdi.

Umuman, Erdo‘g‘onning tashqi siyosati mana shunday keskin burilishlar bilan diqqatga sazovor. AQSh bilan munosabatlar buzilganda asosiy ittifoqchiga aylanishga nomzod bo‘lgan Rossiya bugun Turkiya bilan urush holatiga kelib qoldi.

Oilasi va korrupsiya mojarosi

Turkiya rahbari 1978-yilda Emine Gulbaran bilan turmush qurgan. Uning turmush o‘rtog‘i aksari birinchi xonimlar singari xayriya ishlarida faol ishtirok etadi. Davlat rahbarining to‘rt nafar farzandi bor, ulardan ikkisi o‘g‘il – Najmiddin Bilol, Ahmet Burak va ikki qiz – Esra hamda Sumayya. O‘g‘illari neft biznesi bilan, qizlari onasi kabi xayriya ishlari hamda mamlakatda ayollar haq-huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Prezident oilasi Anqarada joylashgan Oqsaroyda istiqomat qiladi. Kreml va Oq Uydan ham katta ushbu maskanda, ma’lumotlarga qaraganda, mingga yaqin xona mavjud.

“Gulenchilar”ga qarshi quvg‘inlar bo‘layotgan yillarda prezidentning o‘g‘li Bilol ham sudga chaqiruv qog‘ozi olganlar ichida bor edi, lekin u javobgarlikka tortilmadi.

Oradan ko‘p o‘tmay, u yana jamoatchilik diqqat markazida bo‘ldi. Ota-bolaning telefondagi suhbati yozib olingan audio tarqalib, katta shov-shuvga aylandi. Suhbat davomida Erdo‘g‘on o‘g‘liga pora olish yo‘llari hamda uyda saqlanadigan katta miqdordagi puldan qanday qilib qutulish yo‘llarini o‘rgatgan.

Erdo‘g‘on audioni soxta, “katta pora” operatsiyasini “gulenchilar”ning hukumatga qarshi fitnasi deb atagan bo‘lsa-da, bu voqea uning obro‘siga jiddiy putur yetkazdi. Bundan g‘azablangan Erdo‘g‘on to‘nini teskari kiydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston bilan iligan munosabatlar

O‘zbekiston va Turkiya rahbariyati o‘rtasida oxirgi yillarda iliq munosabatlar o‘rnatildi. Tashqi siyosati ochilayotgan O‘zbekiston Turkiya tadbirkorlari uchun yangi bozor ochilishi demak edi. Investitsiyalarga muhtoj O‘zbekiston ham Turkiyaga ishonchli hamkor sifatida qaradi. Ikki davlat rahbarining o‘zaro tashrif almashuvi aloqalar yo‘lga qo‘yilishiga asos bo‘ldi.

2017-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev Turkiyada birinchi marta bo‘ldi. 2018-yilning 29-aprelidan 1-mayiga qadar Erdo‘g‘on ham Toshkentga keldi. Bu tashriflardan so‘ng diplomatik munosabatlar shiddat bilan rivojlandi: savdo shartnomalari tuzildi, hamkorlikdagi loyihalar ishga tushirildi, O‘zbekiston TurkSoy’ga qo‘shildi.

Joriy yilda Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning taklifiga binoan 19—20-fevral kunlari yana Anqarada bo‘ldi. Prezidentlar raisligida oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, shuningdek, Turkiya prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

* * *

Turkiya rahbari zamon bilan hamnafas bo‘lishga urinadi: uning Instagram va Twitter’da sahifasi mavjud.