Yaponiyaning Yokogama portida karantinda turgan Diamond Princess sayohat kemasining yo‘lovchilaridan biri — Sergey Popov hamyurti koronavirusni yuqtirib olgani haqida bir necha soat oldin xabar topganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: Global Look Press

“Ertaga barchasi ma’lum bo‘ladi (profilaktika choralari)”, — deydi Popov. Uning ta’kidlashicha, virusni yuqtirib olgan Rossiya fuqarosining ismidan xabardor emas.

Yo‘lovchilardan yana biri — Ksandr Soning aytishicha, koronavirus tarqalishining oldini olish va karantin sabab yo‘lovchilarga kayutalardan chiqish taqiqlangan. U ham kemadagi rossiyaliklar bilan tanish emasligini, koronavirusga aynan kim chalinganini bilmasligini aytgan.

“Biz kayutalarimizda qolishimiz kerak. Undan chiqish mumkin emas, biroq bir soatga har bir qavatda bo‘lgan hududga reja bo‘yicha chiqishimizga ruxsat berilgan. Kayutadan chiqqanimiz yoki eshikni ochganimizda niqob taqishimiz shart. Boshqa yo‘lovchilar bilan 60 santimetr masofa saqlagan holda gaplashish mumkin. Nonushta, tushlik va kechki ovqatni kayuta eshigiga olib kelishmoqda”, — deydi Ksandr So.

Diamond Princess sayohat kemasi joriy yilning 20-yanvar kuni Yokogamadan chiqib, Kagosima—Gonkong—Okinava yo‘nalishidan o‘tib, 3-fevral, dushanba kuni, qaytib kelgan. Bu vaqtga kelib kemadagi bir necha kishi tobi qochgani haqida xabar qilgan va hukumat bortdagi barchani tekshiruvdan o‘tkazishga qaror qilgan.