O‘zbekistonda Beeline mobil aloqa operatorining mijozlar bazasi 2019-yil to‘rtinchi choragi holatiga ko‘ra, 8,1 million odamni tashkil etdi. Bu haqda operatorning asosiy ta’sischilaridan bo‘lgan VEON’ning 14-fevral, juma kuni e’lon qilingan hisobotida ma’lumot berilgan.

Foto: Beeline O‘zbekiston

Ushbu ko‘rsatkich 2018-yildagi natijadan (9,1 million) 10,7 foizga kam. Kompaniya ushbu qisqarishni muntazam ravishda mablag‘ sarflamaydigan mijozlarning tarmoqdan chiqib ketgani bilan bog‘liqligini bildirgan.

O‘zbekistondagi umumiy daromad 8,8 foizga kamayib, 579 milliard so‘mni tashkil etgan. Bunga asosiy sabab sifatida mobil aloqa uchun aksiz soliqlar stavkasining 15 dan 20 foizga chiqarilgani ko‘rsatilgan. EBITDA 24,8 foizga o‘sib, 317 milliard so‘mga yetgan. Bu yaxshi operatsion ko‘rsatkichlar bilan bog‘liqligi tushuntirilgan.

Skrinshot: Spot

2019-yil kuzida Beeline mijozlar bazasi kamaygan va 8,4 million abonentni tashkil qilgan — o‘shanda kompaniya ushbu holatning sifat bilan bog‘liqligini bildirib, “quyi darajada”gi abonentlardan voz kechilganini ma’lum qilgandi.

“O‘zbekistonda asosan abonentlarning qiymatiga e’tibor qaratamiz”, — deya vaziyatga izoh bergandi VEON’ning strategik masalalar bo‘yicha direktori Aleksandr Kazbegi.