Jeyms Uebb – koinotga uchishni rejalashtirayotgan fazogirning ismi-sharifi emas, balki teleskop nomidir. U haqda “Daryo” avval ham maqola bergandi. 1990-yildan beri orbitada ishlab kelayotgan Xabbl teleskopining o‘rnini egallashi ko‘zda tutilgan Jeyms Uebb 2019-yilning sentabrida yig‘ib bo‘lingan va rejaga ko‘ra, 2021-yil martida L2 Lagranj nuqtasiga chiqarilishi kerak edi.

Foto: NASA

Biroq AQSh hisob palatasining 28-yanvar kuni e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Jeyms Uebb teleskopining uchirilishi 2021-yil martidan keyinga qoldirilishi mumkin ekan. Teleskopning belgilangan vaqtda uchirilishi ehtimoli atigi 12 foiz deb baholangan va katta ehtimol bilan u muddatidan kechiktirilishi tayin. Ya’ni teleskopning orbitaga chiqarilishi qoldirilishi oydinlashmoqda. Buning sababi, yuzaga kelgan ayrim texnik muammolarni bartaraf etish va kosmik rasadxonani yanada mukammallashtirish imkoni borligi bilan bog‘langan. Mutaxassislar, teleskop uchirilishining aniq sanasini aytishga hali shoshilishmayapti va bu qayta tekshiruvlardan keyin, shu yilning bahor oylarida aniq bo‘ladi deyishmoqda. Shunga ko‘ra, Jeyms Uebb teleskopining uchirilishi uch yoki to‘rt oyga kechiktirilishi mumkin ekan.

Ko‘zda tutilayotgan ushbu qo‘shimcha ishlar albatta loyiha qiymatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. 2018-yil bahorida allaqachon 9,66 milliard dollar xarajat keltirgan ushbu yirik loyiha endilikda yanada qimmatroqqa tushishi tayin.