AQSh prezidenti Donald Tramp Apple kompaniyasidan jinoyatchilar telefonlariga kirish imkoniyatini berishga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Kommersant”. U kompaniyani savdo masalalarida hukumat yordamidan foydalanayotganini ta’na qildi va Apple o‘z mamlakatiga yordam berish uchun yon bosishga to‘g‘ri kelishini aytdi.

Foto: Reuters

“Biz Apple’ga savdo va boshqa ko‘plab masalalarda yordam beramiz, shunga qaramay ular qotillar, giyohvand moddalar sotuvchilari va boshqa jinoyatchilar foydalangan telefonlarni blokdan chiqarishdan bosh tortmoqda”, — degan Tramp Twitter’dagi sahifasida.

Xabarda aytilishicha, yaqinda bosh prokuror Uilyam Barr Floridadagi harbiy bazada otishma sodir etgan terrorchi telefonini blokdan chiqarishda yordam berishdan bosh tortgani uchun Apple’ni tanqid qilgan. U kompaniyaning tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotganini aytgan. The New York Post’ning bosh prokuror yordamchilariga tayanib xabar berishicha, Apple aslida tergovchilarga qurollangan odam bilan bog‘liq bulutli ma’lumotlarga kirish imkoniyatini taqdim etgan.