Apple kompaniyasi internet-servislarning to‘g‘ridan to‘g‘ri simsiz qurilmalar bilan ulanish imkonini beruvchi sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi ustida ishlaydigan maxfiy jamoani tuzdi, deb xabar beradi Bloomberg.

Foto: Wikipedia

Kaliforniyaning Kupertino shahrida mazkur loyiha ustida o‘nga yaqin odam ishlamoqda: aerokosmik sohaning muhandislari, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh va antennalarni yaratish bilan shug‘ullangan mutaxassislar. Ularning ishi besh yil ichida o‘z natijasini ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Biroq loyiha hali boshlang‘ich nuqtada bo‘lib, istalgan vaqtda yopib qo‘yilishi mumkin. Hozircha kompaniya bu borada aniq bir yo‘nalishga ega emas.

Bloomberg’ning ta’kidlashicha, Apple bu orqali o‘zining aloqa operatorlarga bo‘lgan bog‘liqligini kamaytirish yoki an’anaviy tarmoqdan foydalanmay qurilmalarga ulanishni niyat qilgan. Bundan tashqari kompaniya sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan o‘z qurilmalarining qayerda joylashganini yanada aniqroq bilib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi: bu xaritalar ishini yaxshilaydi va yangi funksiyalarni taqdim etadi.

Kompaniya taqalgan ushbu xabarlarga izoh berishni istamagan.