Toshkent shahridagi ko‘ngilochar maskanlarni 24 soatlik ish tizimiga o‘tkazish taklif qilindi
Toshkent shahrida ko‘ngilochar maskanlarni 24 soatlik ish tizimiga o‘tkazish taklif qilindi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrini yosh turistlar tashrif buyuradigan Markaziy Osiyodagi asosiy shaharga aylantirish (muzey, teatr, kino, istrohat bog‘lari, restoran va kafelar hamda shu kabi boshqa ko‘ngilochar maskanlarni 24 soatlik ish tizimiga o‘tkazish, yangi ko‘ngilochar maskanlar va ommaviy tadbirlarni tashkil etish) maqsadida “Toshkent — yoshlar shahri” dasturini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyatining Xonobod shahridan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanigacha bo‘lgan masofadagi turizm maskanlarini targ‘ibot qilish, yoshlarni tanishtirish va ommalashtirish maqsadida “Xonobod—Mo‘ynoq” xalqaro yoshlar velo va moto-marafonini o‘tkazish kutilmoqda.
Andijon viloyatining Xonobod shahridan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanigacha bo‘lgan masofadagi turizm maskanlarini targ‘ibot qilish, yoshlarni tanishtirish va ommalashtirish maqsadida “Xonobod – Mo‘ynoq” turizm magistralida yosh turistlar o‘rtasida kvest o‘yinlari turmarshrutlarini ishlab chiqish hamda yoshlar orasida tanlov o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida O‘zbekistonda restoran va tungi klublarning tunda ishlash qoidalari kuchga kirgan edi. Qo‘yilgan talablar qatoridan videokuzatuv tizimining mavjudligi, shovqin me’yorlari talablariga amal qilish, tutash hududning yoritilishi va boshqalar o‘rin olgan. Kafe, restoran yoki tungi klub rahbari hududiy ichki ishlar organlariga mazkur talablarning bajarilgani haqida ma’lumot berishi kerak edi.