Ijtimoiy tarmoqlarda 2-dekabr kuni Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi Xalqaro kongress-xollning tomi qulagani haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, kongress-xoll tomi qulagani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Chiroq ustalari ish olib borayotgan vaqtda shift lyuklaridan biri joyidan chiqib ketgan. Uni shu kunning o‘zidayoq qayta joyiga o‘rnatib qo‘yishdi. Hech qanday tom qulamagan”, — dedi hokimlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, Tashkent City’dagi Xalqaro kongress-xoll 2019-yil oktabr oyi boshida qurib bitkazilgan edi. 21-oktabr kuni binoda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan asosiy tadbirlar o‘tkazilgan.