Shahrisabzning “Ziyokor” mahallasida suv quvuri nosozligi bois ichimlik suvi isrof bo‘lmoqda — aholi muammoni hal qilolmay sarson, shahar “Suvoqova” korxonasi mas’ullari esa “uyquda”. Bu haqda Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati

Ta’kidlanishicha, mahallada ichimlik suvi isrof bo‘layotgani shahar hokimligi axborot xizmati mas’ullarining 1-dekabr oqshomidagi tungi “reydi” davomida ma’lum bo‘lgan. Suv quvuri yaxshi yopilmagani oqibatida ichimlik suvi asfalt yo‘lga oqib chiqqan.

Quvur yorilgan joy kavlab tashlangan, biroq kim tomonidan va qachon kavlanganiga aniqlik kiritilmagan. Aytilishicha, bu shaharda ichimlik suvi isrof bo‘lishi bilan bog‘liq kamida beshinchi holat. Mahalla raisi Ilhom Sherboboyev holatdan xabardor, ammo muammoni bartaraf eta olmayapti.

Foto: Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati

Hokimlik axborot xizmati shahar “Suvoqova” korxonasi mutasaddilarini muammodan bexabarlikda ayblagan. “Fuqarolar qorong‘ida suvni to‘xtatishga harakat qilyapti, ammo vaziyat og‘ir. Aholiga keladigan ichimlik suvi to‘xtatilgan. Bu holatga “Suvoqova” korxonasi rahbaridan javob kutib qolamiz”, — hokimlik axborotida.

“Reyd” davomida tartibsiz chiqindixonalar ko‘payib borayotganiga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, xalq tilida “61-bozor” va “Kesh” nomi bilan mashhur bozorlar yonida chiqindixonalar paydo bo‘lgan, ariqlar chiqindiga to‘la. Ammo “Toza hudud” korxonasi e’tiborsizlik qilmoqda.

Foto: Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati

Qayd etish joiz, hokimlik axborot xizmati 2-dekabr kuni shahardagi “Kamolot”, “G‘alaba”, “Pillakashlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi tartibsiz chiqindixonalar muammosiga ham e’tiborni qaratgan. Qo‘shimcha qilinishicha, shaharda daydi itlar ham ko‘paygan.

Foto: Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev