Amerikalik taniqli aktyor va ekologiya faoli Leonardo Di Kaprio Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning Gollivud yulduzining Amazoniya o‘rmonlarining yondirilishiga aloqador bo‘lgan nodavlat tashkilotlar hisobiga pul o‘tkazgani yuzasidan aybloviga javob qaytardi. Bu haqda “Izvestiya” xabar bergan.

Foto: Head Topics

“Amazoniyada inqiroz hukmronlik qilayotgan vaqtda Braziliyadagi barcha odamlarga hamdardlik bildiraman va o‘z milliy madaniy merosini himoya qilayotganlarga ko‘mak beraman… Barchasi almashtirib bo‘lmas ekotizimlarning kelajagi uchun qilinmoqda, men katta iftixor bilan ularni himoya qilayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlayman”, — deb yozgan Instagram’dagi akkauntida Di Kaprio.

Braziliyada nodavlat tashkilotlarning 4 a’zosi hibsga olingan. Ular o‘rmon yong‘inlari haqidagi suratlarni sotib, Butunjahon yovvoyi tabiatni asrash fondidan (WWF) pul undirish maqsadida atayin daraxtlarga o‘t qo‘yganlikda ayblangan. Bolsonaru Di Kaprio nodavlat tashkilotlarga pul yuborayotgani uchun bilvosita o‘rmonlarning yonishida ishtirok etayotganligini ta’kidlagandi.

Leonardo Di Kaprio Amazoniya o‘rmonlarini qutqarish uchun 5 million dollar miqdorida mablag‘ ajratishni va’da qilgan. Fransiyada o‘tgan sammitda katta yettilik yetakchilari Amazoniya o‘rmonlarining yonishiga qarshi kurash uchun 20 million dollarlik maxsus fond ta’sis etishni kelishib olgan.

Braziliya prezidenti joriy yilning avgust oyida Amazoniya o‘rmonlarini 40 ming yong‘in qamrab olgan vaqtda NNTlarni o‘t qo‘yishlarda, serxavotir Yevropani esa mustamlakachilikda ayblagandi.