Rossiyalik huquq egalari Telegram messenjeridagi kanallarga audio kitoblarning noqonuniy tarzda yuklanayotganidan norozilik bildirdi, deb xabar berdi “Kommersant.ru”.

Huquq egalarining ma’lumotlariga ko‘ra, messenjerda audio kitoblarni o‘g‘irlab yuklayotgan va bir necha million kishilik auditoriyaga ega 170 dan ortiq kanal bor.

Internetda mualliflik huquqini himoya qilish bo‘yicha assotsiatsiya Telegram rahbariyatiga ushbu masala bo‘yicha shikoyat yo‘llagan.

Tashkilot kitoblarni muallif ruxsatisiz e’lon qilishga qarshi kurashish uchun “raqamli barmoq izi” texnologiyasini joriy etishni talab qilmoqda.

Telegram’ning 2020-yilning bahorida ishga tushirishni rejalashtirayotgan TON raqamli valyutasi “soxta kontentni anonim tarzda monetizatsiya qilish uchun ideal vosita bo‘ladi”, deyiladi tashkilotning Telegram rahbariyatiga yo‘llagan maktubida.

Agar messenjer “raqamli barmoq izi” texnologiyasini joriy qilmasa, internetda mualliflik huquqini himoya qilish assotsiatsiyasi AQSh hukumatini TON raqamli vayutasi jinoiy daromadlarni oqlashni ta’minlaydigan nazorat qilinmaydigan mexanizmni yaratishi munosabati bilan huquq egalari va investorlar uchun katta xavf-xatarlar tug‘dirishidan” xabardor qilishni rejalashtirmoqda.

Xususan, tashkilot AQSh savdo palatasi, AQSh qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi, pul yuvish bilan kurashish bo‘yicha moliyaviy chora-tadbirlarni ishlab chiqish guruhi (FATF) va Amerika kitob sotuvchilari uyushmasiga murojaat qilish bilan tahdid qildi.