14-noyabr – mesxeti turklar Stalin buyrug‘iga binoan Gruziya hududidan deportatsiya qilingan kun hisoblanadi. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh ushbu jafokash xalq fojiasi haqida hikoya qiladi.

SSSR deb atalmish davlatda Stalin davri alohida o‘rin tutadi. Bu davrda davlat tomonidan o‘z fuqarolariga qilingan zulm va zo‘ravonlik nihoyatda haddidan oshdi. Ana shu ishlaridan biri – ko‘plab millatlarni o‘z uyidan, o‘z vatanidan boshqa o‘lkalarga quvg‘in qilgani. Avvaliga u 1943-yilda qorachoylar, qalmiqlar, 1944-yilda esa chechenlar va ingushlar, bolqorlar, qirimtatarlar, oxirida esa mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilarni o‘z ona yurtlaridan boshqa o‘lkalarga surgun qilgan.

Foto: Wikipedia

Surgun bo‘lganlarga “Vatanga xiyonat qilish” aybi qo‘yilgan. Qrimtatar, chechen, ingush, qalmiq, bolqorlar nemislarga josuslik qilishda ayblangan bo‘lsa, mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilar Turkiya foydasiga josuslikda ayblandi.

“Nemislarga sotilib”, vatanga xiyonat qilganlarni jazolash kerak bo‘lsa, birinchi navbatda ruslarning o‘zini, so‘ng ukrainlar va belaruslarni ayblash lozim bo‘lardi. Sababi, nemislar SSSRning g‘arbiy qismiga bostirib kirib, u yerlarni egallaganidan keyin ko‘plab ruslar, ukrainlar va belaruslar nemislarga sadoqat bilan xizmat qildi. SSSR armiyasi qo‘mondonlaridan biri – general Vlasov katta qo‘shin bilan nemislar tarafiga o‘tib ketdi. Ana shunday holatda Stalin va Beriyaning haqiqiy sotqinlar qolib mayda millatlarni sotqinlikda ayblashi o‘ta mantiqsiz bir ish edi.

Millatlarni quvg‘in qilishda NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) rahbari Lavrentiy Beriya asosiy rolni bajaradi. Quvg‘inlar aynan Beriyaning tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Albatta, bu ishga Stalinning o‘zi ham xayrixoh bo‘lgan.

Eng birinchi 1943-yil 12-oktabrda Qorachoy ASSRda yashovchi qorachoy aholi “nemislar foydasiga sotqinlik qilish”da ayblanib, quvg‘in qilingan. Keyin esa shu yil 27-dekabrda qalmiqlar, 1944-yil 29-yanvarda chechenlar va ingushlar, shu yil 24-fevralda bolqorlar, 10-mayda qrimtatarlar quvg‘in qilindi. Bu bilan tinchimagan Beriya 1944-yil 24-iyul kuni Stalinga N7896 raqamli xat bilan murojaat qildi:

“Bir necha yillar davomida Turkiya bilan chegaradosh bu hudud aholisi chegaraning narigi tarafidagi Turkiya fuqarolari bilan qarindoshlik aloqalarini saqlab kelmoqda. Ayrimlari Turkiyaga muhojirlikka ketmoqda. Shuningdek, ular faol ravishda kontrabanda bilan shug‘ullanmoqda va turk josuslik idoralariga turli manbalar etkazib berib, o‘zlari ham josuslik to‘dalarini tuzishda xizmat qilmoqda…

NKVD Axalsix, Axalkalaki, Adigen, Aspindz va Bogdanovsk tumanlaridan hamda Ajariya ASSRning bir necha tumanidan 16 700 turk, kurd, xemshinli oilalarini ko‘chirish lozim deb hisoblaydi”.

31-iyul kuni SSSR mudofaa ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi N6279 raqamli “mutlaqo maxfiy” qarorni qabul qildi. Qarorga ko‘ra, Gruziya SSR janubida, Turkiya bilan chegara hududlarda yashovchi mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilarni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hududiga badarg‘a qilish ko‘zda tutilgan edi.

“Mutlaqo maxfiy” qaror 1944-yilning iyul oyida qabul qilingan bo‘lsa-da, Beriya negadir uni bajarishni noyabr oyigacha kechiktirdi. 14-noyabr kuni turklar uyidan haydab chiqarildi va temir yo‘lga olib kelindi.

Beriyaning buyrug‘iga ko‘ra barcha ishlarga Kobulov, Gruziya SSR davlat xavsizligi xalq qo‘mitasi boshlig‘i Rapava, Gruziya SSR ichki ishlar vaziri Karanadze boshchilik qildi.

Aholini zudlik bilan quvg‘in qilish ishlariga NKVDning 4 mingdan oshiq tezkor xodimi jalb etildi.  Odamlarga jo‘nash uchun bor-yo‘g‘i ikki soat vaqt berishdi.

Tasavvur qiling, ertalab eshigingizni kimdir qoqdi. Qarasangiz, NKVD xodimi. U sizga davlat xavfsizlik qo‘mitasining qarori haqida ma’lum qildi va jo‘nash uchun ikki soat vaqt berdi. Vaqtga rioya qilmasangiz, qattiq jazolanishingiz haqida ogohlantirdi. Qanday ahvolga tushasiz? Mesxeti turklar zo‘rg‘a kiyim-kechak olishga ulgurdi. Boshqa hamma narsa o‘z o‘rnida qolib ketdi.

Foto: Wikipedia

Ularni 17-noyabr kuni 25 eshelonda vagonlarga tiqib, O‘rta Osiyoga jo‘natishdi. Beriya sovuqda yo‘l yurish va qiyinchiliklar mesxeti turklar, kurdlar va oz sonli xemshinlilarning ma’lum qismini o‘ldirib yuborishni xohlagandir. U shuni xohlagan bo‘lsa, niyatiga erishdi. Kuzning sovuq kunlarida, yuk vagonlarida manzilga yetib borguncha surgun qilinganlarning 25–30 foizi halok bo‘ldi.

Qishning sovuq kunlarida 5–6 haftalab uzoq yo‘l bosish mesxeti turklarni juda holdan toydirdi. Yuk vagonlarida antisanitariya holati kasallik va epidemiya tarqashiga sabab bo‘ldi, natijada ko‘plar halok bo‘ldi. Buning ustiga, ular O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonga etib kelganida qishning ayni avj pallasi edi. Sovuq baraklar, palatkalarda jon saqlash nihoyatda azob edi.

Bugun yurtimizda, bizning oramizda yoki boshqa o‘lkalarda yashayotgan keksa yoshdagi mesxeti turklardan o‘sha dahshatli kunlar haqida so‘rasangiz, ular gap boshlashdan avval albatta yosh to‘kib oladi. Sababi, ularning aksariyati juda yosh bo‘lgan holda, uyidan, vatanidan quvib chiqarilgani yetmaganday, yuk vagonlarida og‘ir sharoitda yo‘l bosish paytida yaqinlarini yo‘qotgan.

Surgun qilingan oilaning O‘zbekistonda tug‘ilib, Ozarbayjonda yashayotgan farzandi hikoya qiladi:

“Mesxeti turklarni quvg‘in qilishganida onam olti yoshda bo‘lgan. Ular ikki oy vagonda og‘ir sharoitda yo‘l bosgan. Oilamiz Samarqand yaqinidagi qishloqqa tushgan. Onamning aytishicha, boshida rosa qiynalishgan. Oradan biroz o‘tib, mahalliy xalq turklarning sotqin emasligini, aksincha, o‘z yurtidan quvilgan jafokash xalq ekanini tushunib yetgan va xalqimizga munosabatini o‘zgartirgan. Ayniqsa 1956-yilda Xrushchyov boshliq hukumat Stalinning qrimtatar, chechen, ingush, mesxeti turklarni quvg‘in qilgani noqonuniy va adolatsiz ish bo‘lganini tan olib chiqqanidan so‘ng o‘rtadagi shubhalar batamom tarqagan. Shu tariqa xalqimiz o‘zbeklar bilan hamjihatlikda yashadi. Ammo 1989-yilda o‘zbeklar bilan bizning oramizga baribir fitna solishdi. Shundan so‘ng bizni O‘zbekistondan olib chiqishdi va Ozarbayjonga kelib qoldik. Bugun biz o‘sha qonli voqealarda Kremlning qo‘li bo‘lganini yaxshi bilamiz va tarix ham buni isbotlab bo‘lgan”.

Quvg‘in qilinganlarning umumiy soni qariyb 120 ming nafar edi. Ularni avvaliga maxsus baraklarga, palatkalarga joylashtirishdi. Keyinchalik ular uy-joy tiklab oldi. Quvg‘in qilinganlarga o‘zlari joylashtirilgan tumandan boshqa hudud bo‘ylab harakatlanish taqiqlandi. Bu taqiqni buzganlar ayovsiz jazolandi.

1953-yilning mart oyida Stalin o‘ldi. Uning davrida nohaq qamalganlarning ishlari qayta ko‘rib chiqila boshlandi. Shu jumladan, nohaq ayblanib quvg‘in qilingan millatlarning ishlari ham.

Nihoyat, 1956-yil 18-aprelda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilarning quvg‘in qilinishi xato bo‘lgani haqidagi qarori e’lon qilindi va ularga SSSR bo‘ylab erkin harakatlanib, ko‘chib yurish huquqi berildi. Ming afsuslar bo‘lsinki, turklarga tarixiy vatani Mesxetiyaga qaytishga ruxsat berilmadi. Ularning asosiy qismi surgun qilingan joyi – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda yashab qoldi. Ozroq qismi RSFSRdagi Kabardin-Bolqor ASSRdan berilgan yerga ko‘chib bordi.

Mesxeti turklar kimlar?

Mesxeti turklar – oltoy oilasining turk guruhiga kiruvchi, turk tillarining o‘g‘uz lahjasida gapiruvchi, turk, ozarbayjon va gagauz millatlariga yaqin bo‘lgan bir millatdir. Ular o‘zlarini Ahiska turklari (Ahıska Türkleri) deb ataydi. Bugun dunyoda yarim milliondan oshiq mesxeti turk bor. Ular dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan. Mesxeti turklarning eng katta diasporasi Qozog‘iston, Rossiya va Turkiyada yashamoqda. Ularning aksariyati islom dinining sunniylik yo‘nalishiga, hanafiya mazhabiga amal qiladi.

Mesxeti turklarning tarixiy vatani qayer edi?

Mesxeti turklar azaldan Gruziyaning Turkiya bilan chegaradosh Mesxetiya o‘lkasida yashagan. Mesxetiya o‘lkasi SSSR paytida Adigen, Axalsix, Aspindz tumanlariga bo‘lingan.

1829-yilda Rossiya – Turkiya urushidan so‘ng Adrianopol shartnomasiga ko‘ra Mesxetiya ikkiga ajralib qoldi. Uning yarmi Rossiya tarkibiga o‘tdi, yarmi Turkiyada qoldi. Oktyabr inqilobidan keyin Gruziya SSR tuzilganida Rossiya tarkibidagi Mesxetiya Gruziya SSRga qo‘shib berildi.

Ikkinchi jahon urushida Mesxetiyaning urushga yaroqli bo‘lgan 40 ming aholisi urushga bordi; ularning 26 ming nafari halok bo‘ldi. Ulardan sakkiz nafar Sovet Ittifoqi qahramoni chiqqan.

Shu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor bering. Mesxeti turklarning urushga yaroqli erkaklarining 99,9 foizi urushga chiqirilgan bo‘lsa, Mesxetiyada faqat yosh bolalar, ayollar va keksa yoshdagi qariyalar qolgan bo‘lsa, Turkiyadagi qarindoshlar bilan muntazam aloqada kim bo‘lgan, kim bandit guruhlari tuzib, kontrabanda ishlari bilan shug‘ullangan va Turkiya foydasiga josuslik qilgan?

Maqola yozilishidan avval mesxeti turklarning quvg‘in qilinishiga doir ko‘plab materiallarni o‘qib chiqdim. O‘zbek tilida yuritiladigan saytlarimizda bu quvg‘in haqida ma’lumot juda kam. Rossiya elektron mediasida esa negadir turklarning 1944-yilda quvg‘in qilinishi qisqacha yoritilgan, ammo 1989-yilda Farg‘ona viloyatida yuz bergan qonli mojaro batafsil eslangan. Nazarimda, bu ham bejiz emas.

Ma’lum bo‘ldiki, 1989-yilda Farg‘onadagi qonli mojaro ortidan O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan ko‘plab mesxeti turklar hatto bugungi kungacha ham Rossiya fuqaroligini ololmay yuribdi. Ularning bir qismi Rossiyada fuqaroligi yo‘q shaxs maqomida yashayapti. Balki rus matbuoti bu ishni xaspo‘shlash uchun ham turklarning quvg‘in qilinishi yoki bugun duch kelayotgan muammolari haqida kamroq yozib,  asosiy urg‘uni Farg‘ona voqealariga qaratayotgandir?

Foto: Wikipedia

14-noyabrda mesxeti turklarning o‘z vatanidan quvilganiga 75 yil to‘ladi. 75 yildan buyon bu millat o‘z vatanidan ayrilib, dunyo bo‘ylab sochilib ketgan va dunyoning boshqa davlatlarida yashab kelmoqda. Bugun bu millatga Turkiya, Ozarbayjon katta e’tibor va yordam beryapti. Masalan, 2014-yilda Ukraina sharqida ayirmachilar bilan hukumat o‘rtasida qurolli mojaro kelib chiqqanida Turkiya hukumati mojaro ichida qolgan mesxeti turklarga boshpana berishini ma’lum qildi va 400 nafarga yaqin turkni ko‘chirib o‘tkazdi. Bir tarafdan qaraganda, kimdir yozganiday, “inson qayerda qulay sharoitda yashasa, o‘sha yer unga vatandir”. Ammo bugun aksariyat mesxeti turklar baribir vatanini sog‘inadi va hanuzgacha xalqaro tashkilotlardan tarixiy vataniga qaytishda yordam so‘raydi. Ana shunday holatlarda “Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa, bulbulga tikanday oshiyon bo‘lmas emish” degan satrlar esga tushadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.