19-oktabr kuni Chilonzor tumani IIO FMB navbatchilik qismiga 42 yoshli Sherzod S. qo‘ng‘iroq qilib, avtomobilining yukxonasidan 6 million so‘m mablag‘ o‘g‘irlanganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Fuqaro mashinasini Bunyodkor ko‘chasida joylashgan kafe ro‘parasida qoldirgan.  U mashina yoniga tezda qaytgan, biroq shu vaqt ichida noma’lum shaxslar mashina yukxonasini ochib, pullarni o‘g‘irlashga ulgurgan.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, andijonlik 31 yoshli Farhod.Sh. hamda 27 yoshli Jamshid.B qo‘lga olingan.

Hozirda ularning boshqa jinoyatlarga aloqasi bor yoki yo‘qligi tekshirilmoqda.