10-oktabr kuni O‘zbekiston Energetika vazirligida elektr energetikasi, neft-gaz va yoqilg‘i-energetika majmuasi (YoEM)ning boshqa sohalari bo‘yicha O‘zbekiston—Hindiston hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuvda Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Santosh Ja ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida YoEMning turli yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Xususan, neft-gaz sohasida hozirgi vaqtda Hindistonning “ONGC Videsh Limited” kompaniyasi O‘zbekistonning qator investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilindi.

Uchrashuv davomida Hindiston tomoni joriy yilning fevral oyida tashkil etilgan O‘zbekiston Energetika vazirligining oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, shuningdek ayni vaqtda YoEM sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlandiki, Energetika vazirligi elektr va issiqlik energiyasi, ko‘mir ishlab chiqarish, yetkazish va taqsimlash, shuningdek neft, gazni qazib olish, qayta ishlash, ularni qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlarni yetkazib berish, taqsimlash, sotish va foydalanishda davlat muvofiqlashtirish jarayonini yuritadi.

Hindiston tomoniga O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’molining yillik o‘sish prognozi 6—7 foizni tashkil etishi va 2030-yilga borib 121 milliard kilovatt/soat elektr energiyasining kafolatli ishlab chiqarilishini ta’minlash zarurligi, mavjud 31,8 GVt ishlab chiqarish quvvatlarini hisobga olgan holda, energetika sohasidagi investitsiya loyihalarida ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi.

Avvalroq, Hindiston turkman gazidan voz kechishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.