O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 4-oktabrdagi qaroriga asosan Ko‘chmas moddiy madaniy meros obyektlarning milliy ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Ro‘yxatdan 8208 ta ko‘chmas moddiy madaniy meros obyekti joy olgan. Ulardan 4748 tasi — arxeologik yodgorliklar, 2250 tasi — arxitektura yodgorliklari, 678 tasi — monumental san’at yodgorliklari va 532 tasi — diqqatga sazovor joylar.

Ko‘chmas moddiy madaniy meros obyektlarining katta qismi Samarqand (1607 ta), Qashqadaryo (1468 ta), Buxoro (829 ta), Toshkent (828 ta) viloyatlarida ro‘yxatga olingan. Eng kam obyekt Sirdaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 78 tani tashkil qiladi.

Toshkent shahrida 354 ta obyekt mavjud bo‘lib, ularning orasidan nafaqat X—XIX asrlarda qurilganlar, balki XX — XXI asrga taalluqli binolar ham o‘rin olgan. Shu jumladan, “Chorsu” bozori, Botkina qabristonidagi memorial yodgorliklar, taniqli shaxslarning yodgorliklari, shuningdek, 2017—2018-yillarda barpo qilingan “Suzuk ota” kompleksi.

Qarorga ko‘ra, madaniyat vaziriga zaruriyat tug‘ilganda, obyektning nomiga, davriga va manziliga aniqlik kiritish huquqi berildi. Bundan tashqari, asosli zarurat mavjud bo‘lganda, Madaniyat vaziriligi milliy ro‘yxatga o‘zgartirish kiritish yoki uni to‘ldirish haqida taklif kiritadi.

Milliy ro‘yxatga kiritilgan obyektlarga tarixiy, badiiy yoki boshqa madaniy ahamiyati sababli garov yoki ipoteka qo‘llanilishi mumkin emas. Shaxsiy mulk hisoblanadigan ko‘chmas moddiy madaniy meros obyektlari bundan mustasno.