Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida Birmiz! Qo‘lni qo‘lga beramiz! shiori ostida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dastlabki saylovoldi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zMTDP g‘oya va maqsadlarini aholi orasida keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda partiya Markaziy, viloyat, tuman va shahar kengashlari faollari, partiyaning Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlaridagi guruhi a’zolari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari, partiyaga xayrixohlar, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Partiya mitingida Markaziy kengash raisi Alisher Qodirov so‘zga chiqdi. Partiya rahbari “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustuvor maqsadlaridan biri parlamentni tom ma’noda “xalq uyi”ga aylantirishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

Bu yilgi saylov kampaniyasiga “Yangi O‘zbekiston, yangi saylov” shiori ostida start berilib, ilk bora mamlakatimizda saylovlar yangi Saylov Kodeksi asosida o‘tkazilayotgani e’lon qilindi. Ma’lumki, saylov bu, eng avvalo, xalqimizning davlat hokimiyati organlari faoliyatida o‘z vakillari orqali ishtirok etishdek Konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish hamda mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning yorqin ko‘zgusidir. Ayni paytda ana shunday muhim kampaniyada faol ishtirok etib, g‘alaba qozonish O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining asosiy vazifasiga aylandi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xalqimizda milliy o‘zlikni anglash hissini o‘stirishga harakat qilar ekan, tarixiy, madaniy va ilmiy-intellektual merosni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, boyitish va yanada ko‘paytirishga ko‘maklashish, o‘zbek xalqining boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, ushbu boyliklarni yosh avlod o‘rtasida keng miqyo­sda targ‘ib etish, yoshlarda tarixiy meros va xalq an’analariga hurmat, ehtirom uyg‘otish kabi keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.

Qayd etilganidek, partiya o‘z g‘oyalarini hayotga izchil tatbiq etgan holda saylovda faol ishtirok etishni, parlamentda eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lishni rejalashtirmoqda. “Inson o‘zgarsa – jamiyat o‘zgaradi” shiori ostida aholini ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga ko‘maklashish, ta’lim va tarbiya sifati uzluksizligini ta’minlashga e’tibor qaratish, milliy qadriyatlarni aholi orasida keng tatbiq etish partiyaning ustuvor maqsadlaridan sanaladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ayni kunlarda partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari tomonidan respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Toshkent viloyatida ham aholi, ayniqsa, yoshlar orasida “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari!” shiori ostida turli targ‘ibot tadbirlari, aksiyalar o‘tkazilmoqda. Mazkur targ‘ibot tadbiri avvalgilariga nisbatan keng ko‘lamligi va ahamiyati, respublika hamda viloyat miqyosidagi faollar, jamoatchilik vakillari, estrada va kino yulduzlari, mahalla oqsoqollari, yoshlar, xotin-qizlar ishtirok etishi bilan tubdan farq qildi.

Tadbirda foal qatnashgan ishtirokchilar partiyaning esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.

O‘zMTDP Markaziy kengashi axborot xizmati

Reklama huquqi asosida.