Axborot maydonida shu kunlarda keng muhokama qilinayotgan masala mustaqil O‘zbekiston taqdiri uchun katta ahamiyat kasb etuvchi jiddiy masala – O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligi, bu qarorning salbiy va ijobiy taraflari atrofidagi gaplar bo‘lmoqda-ki, bu haqda deyarli barcha mutaxassislar-u blogerlar o‘z fikrini yozmoqda. “Daryo” bu haqda mashhur blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar faollari yozgan postlarni bir yerga to‘pladi.

Iqtisodchi, bloger Behzod Hoshimov Telegram-kanalida yozmoqda:

Yevrosiyo Ittifoqiga kirish hal bo‘lgan masala emas. Bu haqda qaror hali yil oxirida qabul qilinar ekan. Shuning ustida ishchi guruh ishlayapti. Rossiya tomonidan ishchi guruhga RF bosh vaziri o‘rinbosari Siluanov vakillik qilmoqda. Nima uchun Matviyenko bizning Oliy Majlisdagi uchrashuvda bu masala hal bo‘lgan deganini men bilmayman. Balki muzokaralar olib borish usulidir. Ehtimol, o‘z xohishini fakt sifatida aytgan. Bilmadim.

Lekin Rossiya matbuotga bu hali-beri kelishib bo‘linmagan masala deb tushuntirish kiritib o‘tdi. Siyosiy qarorni hali O‘zbekiston aytmagan deb ham aytdi.

* * *

Bunday masalalar bo‘yicha doim birinchilardan o‘zining asosli fikrlarini keltiruvchi “Davletov.uz” kanali so‘rovnoma qo‘ydi:

Skrin: “Daryo”

* * *

Xalqaro iqtisodchi Aziza Umarova o‘zining “Aziza Umar kundaligi” kanalida atroflicha fikr bildirgan:

Ramziy ma’noda muhim bo‘lgan shunday xabarni Rossiya siyosatchisining Rossiya nashrlariga gapirgan gapidan bilib olmoqdamiz. Aynan tashkilotning ichida nizolar avjiga chiqayotgan paytda. Belarus Minskda “Elza okeani” ukrain guruhi konsertini qo‘ydi hamda Ukraina–Rossiya chegarasini nazoratda saqlab, Donbassga tinchlikparvar kuchlarni kiritishni taklif qildi. Qirg‘iziston bo‘lsa Rossiya bilan YeOIIda mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari chegaralangani uchun talashmoqda. Agar qirg‘izistonliklar uchun pul o‘tkazmalarining chegaralangan miqdori 100 ming rubl bo‘lsa, Qozog‘iston fuqarolari uchun 150 ming rubl, Armaniston fuqarolariga esa million rubldir. Belarus va Qozog‘istondagi iqtisodiy ahvol har doimgiga nisbatan quvonarli holatda emas.

Biz ham rossiyalik ishlab chiqaruvchilarning xalq iste’moli mollarini indamaygina iste’mol qilib, o‘tkazilayotgan har bir sanksiyada va rubl qiymatining tushishidan asta-sekinlik bilan “o‘lib boramiz”.

Biz hattoki, rossiyaliklar bilan muzokara olib bora olishda zarur salohiyatga ega bo‘lgan yetarlicha kadrlarga ega emasligimizdan xavotirdaman. O‘z foydamizga mahsulot eksport qilish uchun texnik reglamentlarni ham talab qilishni bilmaymiz.

YeOIIga kirsak, ortimizdan Tojikiston ham kiradi. Ortga esa hech qanday yo‘l yo‘q.

Tinchgina ajralish, tinch yo‘l bilan tarqalish imkonsiz. Barcha qarorlar bir mamlakat tomonidan qabul qilinadi va bu bizning mamlakat bo‘lmaydi. Ittifoqqa kirish — bu qaytish imkoni yo‘q chipta sotib olishdir. Assalom, Sovet Ittifoqi. Bu mening tengdoshlarim eng kam umid qilgan, eng kam kutgan voqea edi.

* * *

Taniqli bloger Muhrim A’zamxo‘jayevning  kanalida  e’lon qilingan posti ham diqqatga sazovor:

Rossiya davlat propaganda mashinalari Rossiya Senati raisi Valentina Matviyenkoning tilidan shunday iqtibos keltirmoqda:

“Biz O‘zbekiston Prezidenti qaror qabul qilganidan va hozirda O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi masalasi ishlab chiqilayotganidan xabardormiz”.

Rossiya, ittifoq... Rossiya boshchiligidagi avvalgi tarixiy ittifoq 1932-yilda tuzilgan, O‘zbekiston esa unga 1925-yilda qo‘shilgan (yoki qo‘shib olingan) edi. Tarix takrorlardan iborat?

Qani endi tarixning faqat yaxshi sahifalari takrorlansa...

P.S.: Xo‘sh, Green Card o‘ynaysizmi-yo‘qmi? Hali ham qizil pasport olmadingizmi?

* * *

Bloger Qahramon Aslanov bu mavzuni boshqa rakursdan “Aslanovdan iqtiboslar” kanalida  zo‘r o‘xshatish bilan tushuntirib berdi:

Matviyenko O‘zbekiston Yevrosiyo ittifoqiga kirishga rozi bo‘lgani haqida aytib yubordi. Bu ko‘pchilikka yoqmadi, nega endi yurtimizga tegishli qarorni Rossiya Federatsiya kengashi raisidan eshitishimiz kerak?

Men O‘zbekiston hali bu ittifoqqa kirishga uzil-kesil rozi bo‘lmagan, deb o‘ylayman. Matviyenkoning chiqishi u tomonidan surbetlik hamda O‘zbekistonga qilingan o‘ziga yarasha bosim bo‘lsa ham, boshqa tomondan foydali. Ya’ni biz bu ittifoq va unga kirish qarori haqida bemalol pozitsiyamizni ayta olyapmiz – kirib bo‘lgach yoki Prezident fikrini aytib bo‘lgach, bu biroz qiyinroq bo‘lardi, menimcha.

2001-yilda “Roma” murabbiyi Fabio Kapello klub rahbari Sensidan Batistutani sotib olib berishni so‘raydi. Ammo hujumchining narxi qimmatligidan Sensi bunga rozi bo‘lavermaydi. Shunda Kapello ayyorlik qiladi – matbuotda klub Batistutani qo‘lga kiritishga yaqin ekanini aytib yuboradi.

Natijada haqiqiy bomba portlaydi – barcha bu ajoyib transfer ekanini aytadi, muxlislar esa plakatlar bilan namoyish uyushtirib, Sensiga minnatdorlik izhor qila boshlaydi. Sensida hujumchini sotib olishdan boshqa chora qolmaydi.

O‘zbekistonga bosim qilmoqchi bo‘lgan Matviyenko, qaysidir ma’noda, teskari fikrli jamoatchilik bosimi paydo bo‘lishiga ham sababchi bo‘ldi. Qaysi birini tanlash esa...

* * *

“Bugunning gapi” kanali asoschisi G‘ayrat Yo‘ldosh ham Yevrosiyoga qo‘shilmaslik tarafdori ekanini tushuntirib yozdi:

O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishiga mutlaqo qarshi bo‘lgan asosiy guruh esa asosan Rossiya bilan muvozanat saqlab muomala qilinishi lozimligini, Rossiyaga xoh siyosiy, xoh iqtisodiy yaqinlashish yaxshilikka olib kelmasligi haqida fikr bildiryapti. Men ham ana shu 3-guruhga qo‘shilaman va Rossiya bilan xoh iqtisodiy, xoh siyosiy tarzda o‘ta yaqinlashish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi deb hisoblayman.

Umuman olganda, YeOII asosan Rossiya manfatlari uchun tuzilgan tashkilot hisoblanadi va o‘rni kelganda Rossiya hatto o‘z ittifoqchilari bilan ham g‘irrom o‘yin qiladi. Masalan, bir paytlar Belarus Yevroittifoq va AQSh sanksiyalariga uchraganda ularda ishlab chiqarilgan mahsulot YeOII doirasida Rossiyadan Belarusga erkin kirib kelaverdi. Ammo 2014-yilda Rossiya–Ukraina mojarosi boshlangandan keyin Yevroittifoq va AQSh Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiya e’lon qilganida Rossiya ham ularga qarshi sanksiya e’lon qildi va Yevroittifoq hamda AQSh mahsulotlarini Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘ydi. O‘sha paytda Turkiya Rossiyaning samolyotini urib tushirdi va ikki mamlakatning munosabatlari ancha sovuqlashdi, buning ortidan Rossiya Turkiya mahsulotlariga ham taqiq qo‘ydi. Shunda belaruslik tadbirkorlar Polsha orqali Yevroittifoqda tayyorlangan turli mahsulotlarni, Turkiya quruq va ho‘l mevalarini Belarusga olib kirib, so‘ng ularni Rossiyaga o‘tkaza boshladi. Rossiya esa YeOII shartlarini qo‘pol tarzda buzib, Belarus bilan o‘zaro chegaralarga bojxona nazorat punktlarini qayta tashkil etdi. O‘shanda Lukashenko Rossiyadan ancha darg‘azab bo‘ldi va bu haqda bir nechta intervyular berdi.

Boshqa g‘irromliklar ham bor.

Umuman olganda, men O‘zbekistonning nafaqat Rossiya, balki Xitoy, AQSh kabi mamlakatlar bilan ham o‘zaro teng huquqli iqtisodiy va siyosiy aloqalar o‘rnatishini xohlayman. Bu ish qanchalik oson yo qiyin bilmayman, ammo bir narsani bilaman, Rossiya bilan o‘ta yaqinlashish anchayin xavfli va qachondir biroz ortga qaytmoqchi bo‘linganda Rossiya shunchaki o‘yindan o‘t chiqarishi mumkin.

Eslaringda bo‘lsa, 2005-yilda AQSh Qarshidagi Xonobod bazasidan indamay chiqib ketdi. Agar o‘shanda AQSh o‘rnida Rossiya bo‘lganida, mening taxminimcha, tinch chiqib ketmasdi. Sababi, Rossiya o‘shanaqa holatlarda tinch chiqib ketib o‘rganmagan. Shu tufayli ham bugun Moldovada Prinestrovye, Ukrainada Donbass, Gruziyada Abxaziya va Janubiy Osetiya, Ozarbayjonda Tog‘li Qorabog‘ notinch qolyapti.

* * *

Dolzarb mavzularda atroflicha postlar yozuvchi Bakiroo kanali bu ittifoqqa mutlaqo qarshiligini bildirdi:

Yon qo‘shnilari, mazhabi bir Gruziyaning uchdan bir, Ukrainaning qariyb beshdan bir qism hududini bosib olgan, Donbassda gibrid urushda o‘n minglab odamlarni (ular orasida minglab bolalar bor) yostig‘ini quritishda davom etayotgan, Yevropadan tortib Qo‘shma Shtatlargacha bo‘lgan davlatlarda demokratik institutlar va saylovlarga buzg‘unchilik, qo‘poruvchilik va hatto qotillik bilan aralashayotgan, Chernogoriya, Makedoniyada davlat to‘ntarishiga urinib ko‘rgan, Yevropadagi barcha o‘ta millatchi va fashistik kuchlarga, butun dunyo bo‘ylab eng battol diktatorlarga homiylik qilayotgan, “tinchlikparvar” deya qo‘shinlarini olib kirgan hududlarda hech qachon tinchlik o‘rnatilishiga yo‘l bermaydigan, xalqaro huquqni ochiqchasiga buzishdan tap tortmaydigan, insoniyat tarixidagi eng katta jinoyatlardan biri bo‘lgan va Ikkinchi jahon urushiga yo‘l ochgan Ribbentrop–Molotov paktini oqlaydigan davlat yetovidagi ittifoq tarkibiga, u qanday nom bilan atalmasin, kirishga men rozi emasman. Mening bolalarim ham rozi bo‘lmaydi.

Umuman olganda, o‘zbekistonlik ziyolilar yozganlaridan umumiy xulosa qilib bilish mumkin-ki, jamoatchilik  O‘zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga qo‘shilishi mamlakatga faqat ziyon keltirishini ta’kidlamoqda.