O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Muxlislar orasida “Ozodbek Nazarbekovning yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxona-yu, restoranlar tarmog‘i kabi bizneslari bor”, mazmunidagi gaplar tarqalgan.

Ozodbek Nazarbekov ushbu gap-so‘zlarga suhbat davomida oydinlik kiritdi.

O‘zbekistonda bizneslarim juda ham ko‘p, ayrimlarini o‘zim ham bilmayman. Bu haqda odamlarning o‘zlari aytishadi. ‘Mana bu sizning bog‘ingiz ekan’, yana bir joylarni ko‘rsatib bir nimangiz ekan deyishadi. ‘Nahotki shular ham meniki bo‘lsa’, deya ba’zan o‘zim ham hayron qolaman. Jizzaxning yo‘lida ‘Ozodbek’ degan oshxona bor ekan. U ham ‘meniki’ bo‘lib chiqdi. Qiziqqanimdan o‘sha yerdan osh yeb ketdim.

O‘zim tepasida turib yurgizadigan bironta biznesim yo‘q. Sherikchilik asosida do‘stlarim va yaqinlarim bilan bizneslar yo‘lga qo‘yilgan. Ular halol, pok ish yuritishadi va mening ulushimni o‘z vaqtida yetkazishadi. Hech qanday mehmonxonam ham yo‘q.

Odamlarning nima biznes bilan shug‘ullanishimni bilishini istaganimda hammasini aytardim. Bu biznes deydigan darajada juda bir katta biznes ham emas, fabrika yoki zavod emas, ochig‘ini aytganda, ro‘zg‘orimga yetadigan mayda bizneslar, xolos. Xudoga shukur, uy-joyim, mashinam bor. Ehtiyojlarim esa o‘sha mayda bizneslarimdan qoplanadi. Bundan ortig‘i kerak ham emas.

Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari