Qo‘qonda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga O‘zbekiston va dunyoning turli burchaklaridan hunarmandlar eng sara mahsulotlarini keltirgan. Festivalda ishtirok etayotgan “Daryo” muxbiri usta hunarmandlarning ishtirokchilarni hayratga soladigan mahsulotlari haqida ma’lumot berdi.

Foto: “Daryo”

Rishtonlik kulol Ravshanbek Tojiddinov festivalga og‘irligi 80 kilogramm bo‘lgan ulkan sopol lagan bilan tashrif buyurgan. Diametri 1,2 metr bo‘lgan laganga bir paytning o‘zida 40 kilogramm osh sig‘dirish mumkin.

Foto: “Daryo”

Laganni tayyorlash uchun kulol uch yil vaqt sarflagan. Unga 100 kilogramm maxsus loy ishlatilgan va qorong‘i joyda bir yarim yil mobaynida tabiiy usulda quritilgan. Lagan yuzasiga naqsh chizib, uni quritish uchun yana 6 oy vaqt ketgan.

Bag‘dodlik hunarmand Baxtiyor Shermatov uch oy davomida uzunligi 4,7 metr, balandligi 3,5 metr keladigan yelkanli kema yasadi. “Orzu” deb nomlangan bu kema Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun maxsus tayyorlangan. Xorijiy sayyohlardan biri uni 5 ming AQSh dollariga sotib olish istagini bildirgan, lekin hunarmand uni festival yakunlangunicha sotmoqchi emas.

Foto: “Daryo”

Toshkent viloyati hududidagi ko‘rgazmalar orasidan joy olgan, yog‘ochdan tayyorlangan qirq quloqli qozon atrofi ham ishtirokchilar bilan gavjum. Usta Shavkat Yusupov tomonidan yasalgan bu qozon Amir Temur davridagi qirq quloqli ulkan qozonning kichikroq ko‘rinishini eslatadi.

Turkistonda qadimiy masjid rekonstruksiyasida ishtirok etganimda Xo‘ja Ahmad Yassaviy ziyoratgohida Amir Temur yasattirgan qirq quloqli qozonni ko‘rib, uning kichikroq nusxasini yasash niyati tug‘ilgan edi. Bu qozonni Amir Temur muzeyiga hadya qilish maqsadida edim. Bu qozon 4800 ta yog‘och bo‘lagidan 5 yil davomida yasalgan. Qozondagi arab harflaridagi bitiklarni tajribali hattotlarga aslidagidek yozdirib, o‘sha asosda yasaganman.

Shavkat Yusupov, hunarmand

Festivalda surxondaryolik kashtado‘z Nilufar Jo‘rayeva tomonidan tayyorlangan eni 21 metr, bo‘yi 5,5 metr bo‘lgan dunyodagi eng katta milliy so‘zana namoyish etilmoqda.

Foto: “Daryo”

Mazkur so‘zana Nilufar Jo‘rayeva hamda uning 20 nafar shogirdi tomonidan 6 oy davomida yaratilgan. So‘zanani surxoncha serjilo naqshlar va yorqin ranglar bilan bezash uchun 16 kilogrammdan ortiq tabiiy usulda bo‘yalgan kalava ip sarflangan.