Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan olib borilayotgan nazorat tadbirlari natijalarida Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablarida budjet mablag‘larining sarflanishida tizimli ravishda budjet qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlanmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi ayrim umumta’lim maktablarida 2018-yilda va 2019-yilning o‘tgan davrida umuman ishlamagan fuqarolar nomiga ish haqi hisoblash va ish haqi to‘lov qaydnomalarining jamiga qo‘shib yozib o‘zlashtirish yo‘li bilan jami 633,8 million so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari noqonuniy xarajatga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bunda Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi to‘g‘risida nizom” va “Umumta’lim muassasalari huzuridagi maxsus komissiyalar to‘g‘risidagi nizom” talablariga rioya qilinmagan.

Jumladan, 2018-yilda va 2019-yilning yanvar-fevral oylarida Dehqonobod tuman xalq ta’limi bo‘limi hisobchisi tomonidan tumandagi 8-sonli (24,7 million so‘m), 9-sonli (15,1 million so‘m), 30-sonli (42,7 million so‘m), 39-sonli (27,8 million so‘m) va 88-sonli (29,3 million so‘m) umumta’lim maktablarda umuman ishlamagan 7 nafar qarindoshlari nomiga ish haqi hisoblanib, jami 139,6 milliom so‘m budjet mablag‘lari noqonuniy xarajatga chiqarilgan.

Shuningdek, tumandagi 8-sonli (5,8 million so‘m), 9-sonli (12,2 million so‘m) va 30-sonli (2,8 million so‘m) umumta’lim maktablarda budjet mablag‘lari ish haqi to‘lov qaydnomalarining jamiga qo‘shib yozish yo‘li bilan o‘zlashtirilib, jami 20,8 million so‘m kamomadga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, tumandagi 52-sonli (195,1 million so‘m), 82-sonli (143 million so‘m) va 84-sonli (135,3 million so‘m) umumta’lim maktablarda budjet mablag‘lari hisobidan maktab maxsus komissiyasining qarorisiz va maktab direktorining buyrug‘isiz va boshqa asoslovchi hujjatlarsiz jami 473,4 million so‘m miqdoridagi rag‘batlantirish, mukofot va moddiy yordam pullari oshiqcha to‘lanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Dehqonobod tumanidagi ushbu maktablarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.