AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin va davlat kotibi Maykl Pompeo IShID, “Hizbulloh”, HAMAS, shuningdek, Eron islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi vakillariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: “Yandeks”

“Prezident AQShning global terrorizmga qarshi kurashda hal qiluvchi kuch ekanligini bildirib qo‘yish maqsadida yangi farmonni imzoladi. Moliya vazirligi yangi vositalar yordamida terrorchilik guruhlariga aloqador 15 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiya joriy etdi”, — deydi Mnuchin.

Tegishli farmon Oq uy saytida e’lon qilingan. Donald Tramp administratsiyasidan kelgan xabarda yangi sanksiyalar terrorchilarga qarshi kurashni kuchaytirishga, shuningdek, ularning moliyaviy ahvoli va sheriklariga qarshi qaratilgani ta’kidlangan.

“Prezident Trampning Eronga qarshi kampaniyasi radikal tuzumning terrorni yoyish va buzg‘unchilikni qo‘zg‘atish uchun foydalanadigan vositalarini sezilarli darajada kamaytiradi. Yangi sanksiyalar Eron islom inqilobi qo‘riqchilari Korpusi va ularning ishonchli vakillari, shu jumladan ‘Hizbulloh’ va HAMASni moliyalashtirishni sezilarli darajada kamaytirdi”, — deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, Maykl Pompeo Donald Tramp Eron yetakchisi Hasan Ruhoniy bilan BMTning sentabr oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida uchrashishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan.