O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-avgust kuni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, yoqilg‘i-energetika, qayta ishlash sanoati va agrosanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni yaxshilash, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari chuqur tahlil qilindi.

Bundan buyon Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar, qo‘mitalar va xo‘jalik birlashmalari raislari o‘zlarining ish uslubini tubdan o‘zgartirib, ko‘proq hududlarga, olis qishloqlarga borib, pastdagi muammolarni aniqlash va hal etishda hokimliklar, tadbirkorlar va joylardagi rahbarlarga amaliy yordam berishi zarurligi ta’kidlandi.

Bunda har bir kompleks rahbari o‘zining vazirlari bilan birga har chorakda viloyatlarga borib, tegishli sohalardagi mavjud muammolarni hal etishi va natijalari bo‘yicha viloyat xalq deputatlari kengashi va faollari oldida hisobot berishi kerak.

Xuddi shunday, viloyatlar hokimlari ham o‘z o‘rinbosarlari va viloyat boshqarmalari rahbarlari bilan birga har chorakda tumanlarga borib, muammolarni hal qilib, tuman xalq deputatlari kengashi va faollar oldida hisobot beradi.

Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga rahbar va hokimlarning pastga tushib ishlashi va hisobot berishi bo‘yicha yangi tizimni amalda joriy qilish mas’uliyati yuklandi.

Yig‘ilishda makroiqtisodiyot, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foiz o‘sgani qayd etildi. Mahalliy budjetlar ixtiyorida 2,6 trillion so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldirildi. Budjet daromadlari qariyb 51 trillion so‘mni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi.

Yig‘ilishda davlat budjetining daromadlari va xarajatlari mutanosib bo‘lishini ta’minlash, mahalliy budjetlarga qo‘shimcha tushumlar rezervlarini topish va safarbar qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bank tizimini tubdan isloh qilish, zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish va ularning sifatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Dastlabki 6 oyda inflyatsiya 5,6 foizni tashkil qilib, prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan. Lekin tariflar va narxlar bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tayotgani bois mutasaddilarga inflyatsiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

Ma’lumki, avgust oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama qilinib, bu borada yangi tizim joriy etish belgilangan edi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalari biriktirildi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tizimni joylarda joriy etish orqali keng aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligi va daromadini oshirish zarurligi ta’kidlandi.