Tojikiston sobiq “Xalq fronti”ning sobiq qo‘mondoni Xo‘ja Karimov tojik rasmiylarining iltimosiga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarida hibsga olindi, deb xabar bermoqda “Asia-Plus”.

Foto: “Asia-Plus”

Tojikiston ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Umarjon Emomalining ma’lum qilishicha, Tojikiston rasmiylari Xo‘ja Karimovni Dubaydan Dushanbega ekstraditsiya qilish uchun hujjat tayyorlamoqda.

“Xo‘ja qo‘mondon” sifatida tanilgan Xo‘ja Karimov 2008-yilning oxirida Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

O‘shanda Tojikiston tashkilotga a’zo mamlakatlardan fuqarolar urushi yillarida Tojikistonda bir qator jinoyatlarda gumon qilinayotgan dala qo‘mondonini qidirish va ekstraditsiya qilishga yordam berishni so‘ragan. Taxminlarga ko‘ra, Xo‘ja Karimov o‘sha paytda Malayziyada bo‘lgan. Unga qotillik, tovlamachilik, talonchilik ayblari qo‘yilmoqda.

Ma’lumot uchun, Xo‘ja Karimov “Xalq fronti”ning dala qo‘mondoni bo‘lgan. 1992—1993-yillarda Tojikiston Mudofaa vazirligi maxsus brigada qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, Tojikiston futbol federatsiyasining sobiq prezidenti vazifasini bajargan.