Human’ning yozishicha, Oliy kengashi qoshidagi Sudyalar oliy maktabiga O‘zbekistonning turli hududlaridan har xil masalalar va muammolar bilan kelgan 30 nafar fuqaro qabulga kira olmayapti. Nashr vaziyatni o‘rganish uchun murojaatga kelgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazgan.
Ular suhbat davomida hozirgi paytda sudlar tomonidan chiqarilgan ko‘plab qarorlar bir tomonlama bo‘layotgani, odamlarning bu muammolar yuzasidan berilgan shikoyatlari yillab hal qilinmayotgani, hatto ko‘rib ham chiqilmayotganligi haqida gapirgan.
“2014-yilda bizga berilgan 1,7 gektar yer maydonida mingdan ortiq daraxt bo‘lgan. Bizning yerimiz Bekobod sement zavodiga o‘tishi munosabati bilan 702 ta daraxtim noqonuniy ravishda kesib tashlangan. Keltirilgan moddiy va ma’naviy zarar qoplab berilmagan”, — degan bekobodlik murojaatchilardan biri.
Bu masala yuzasidan sudga ariza bergan. Bekobod tumanlararo sudi sudyasi Umid Shomurodov hal qiluv qaror chiqarib, 223 million so‘m zarar qoplab berilishini belgilagan. Oradan bir hafta o‘tgandan keyin ajrim chiqarib, o‘zi chiqargan qarorni o‘zi bekor qilgan.
Bugungi kungacha bu masala Oliy sudda ikki marta ko‘rilgan. Bosh prokuratura tomonidan protest kiritilib, asoslantirilgan. Shuningdek, Oliy sud raisi Yodgorov tomonidan ham protest bilan asoslantirilgan. Lekin shunga qaramay, Toshkent viloyati sudyalari Ismoilov, Mullajonov, Vohidovlar ajrim bilan xatni bekor qilib, 2019-yilning 5-fevralida Toshkent shahar sudyasi Allamurodov tomonida barcha talab-da’volar asossiz ravishda bekor qilingan.
Fuqaro yuqorida nomlarini sanab o‘tgan sudyalardan norozi ekanligini bildirgan. Davomini quyidagi videolavhada tomosha qilish mumkin.