Deputat Rasul Kusherbayev Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi noqonuniy buzilayotganlar uy-joylar bilan bog‘liq mash-mashalarga o‘z munosabatini bildirdi. Quyida uning fikrlari to‘lig‘icha keltirildi.
Yaqinda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi noqonuniy buzilayotganlar uy-joylar bilan bog‘liq mash-mashalar haqida fikr bildirib o‘tgandim. Bu ishlar juda og‘ir kechdi...Aslida aholi noroziligiga sabab shahar hokimligi va ularga topshiriq berayotgan respublika idorasi mas’ullarining ‘bu Prezident topshirig‘i’, degan insofsiz harakatlari bilan bog‘liq edi. Buni barchamiz bilib bo‘ldik.
Buni qarangki davlatimiz rahbarining ‘men buz, deb topshiriq bermaganman’, deya mas’ullarning Prezident nomini sotib aholi noroziligini keltirib chiqarayotganligini tanqid qilib o‘tganidan so‘ng vaziyat ancha o‘zgarib, ko‘pchilik insofga qaytishni boshlagan ko‘rinadi. Jumladan, Yangiyo‘l shahridagi mas’ullar ham.
Kuni kecha mas’ullar Yangiyo‘l shahar Samarqand ko‘chasidagi buzmoqchi bo‘lgan 113 va 115-sonli ko‘p qavatli uylarning aholisi bilan uchrashib, endi buzish ishlari qat’iy qonun talablari asosida, faqatgina mulkdorlarning roziligi bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi va shu sababli bu uylarni buzish haqida shahar hokimining qarori 2-avgust kuni maxsus yangi qaror bilan to‘xtatilganini bildirishibdi.
Shu ko‘chadagi “aholi roziligi bilan” (aslida qattiq noroziligi bilan) buzib tashlangan 103, 105-uylar o‘rnida esa zamonaviy 5-qavatli turar joy qurilayotgani ma’lum qilinibdi.
Eh attang, 113 va 115-sonli uylarning egalari “uyimizni buzmang” deb, zamonaviy 5-qavatli uylardan qolib ketibdi.
Aholi bu xabarni menga ham yetkazib, og‘ir damlarda ularni qo‘llaganim va birga bo‘lganim uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zim uchun bo‘lgan noqulaylikka uzr so‘rashibdi. Ochig‘i bunaqasi kamdan kam bo‘ladi.
Rasul Kusherbayev, Deputat