Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi tashkilot rahbarlari va xodimlari 3-avgust, shanba kuni, soat 6:00 da M39 avtomobil yo‘li bo‘ylab begona o‘tlardan tozalash, gul ekish va sug‘orish ishlari uchun majburiy safarbar etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Surxondaryo viloyati hokimligi mutasaddilarining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, viloyatdagi ayrim korxona va tashkilotlari tomonidan ishchi-xodimlarining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun bo‘sh turgan yer maydonlarida ekin ekib olish to‘g‘risida bildirgan tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, M-39 avtomobil yo‘lining Termiz shahridan o‘tuvchi qismi yoqalaridan ularga yer maydonlari ajratib berilgan. Shunga muvofiq, korxona va tashkilotlar xodimlari ixtiyoriylik asosida ushbu hududda ro‘zg‘orbop ekinlar ekib, yerdan unumli foydalanib kelmoqda.
Termizning ayni issiq ob-havo sharoiti ekinlarni tez-tez sug‘orish, ekin maydonlarini begona o‘tlardan tozalab, tartibga keltirib turishni taqozo qiladi. Shu nuqtai nazardan, aloqador tashkilotlar rahbarlariga o‘z hududida bu ishlarni Qurbon hayiti arafasida kechiktirmasdan tashkil etish taklifi berilgan. Ular majburiy tarzda mehnatga jalb etilmagan.
Qolaversa, M-39 avtomobil yo‘lining ushbu qismi yoqasida At-Termiziy maqbarasi ham joylashgan bo‘lib, viloyat va mamlakatning boshqa hududlari hamda xorijiy davlatlardan bu yerga har kuni yuzlab ziyoratchi va sayyohlar keladi. Shu sababli tabarruk qadamjo atrofi va unga olib boruvchi yo‘llarni obod, ozoda va ko‘rkam saqlashdek xayrli ishga ixtiyoriylik asosida hissa qo‘shish surxondaryoliklarning niyatlari, sa’y-harakatlari bilan uyg‘unlashib ketgan.
“Surxondaryo viloyati hokimligi bundan keyin ham fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlagan holda vohada har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)