Qashqadaryo viloyati mahalliy budjetidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasiga bolalar bog‘chalarini jihozlash uchun 2 milliard so‘m mablag‘ berildi. Bu haqda “Daryo”ga boshqarma boshlig‘i Asror Alimardonov ma’lum qilmoqda.
Asror Alimardonovga ko‘ra, viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev “Daryo” internet nashrida Mirishkor tumanidagi bolalar bog‘chalarining jihozsiz faoliyat yuritayotgani tilga olingach, muammoni bartaraf qilish maqsadida boshqarmaga mahalliy budjetdan 2 millard so‘m mablag‘ bergan.
— Viloyat hokimligi tomonidan berilgan 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga 4016 dona karovat uchun buyurtma berildi, — deydi boshqarma boshlig‘i Asror Alimardonov. – Karovatning dastlabki 350 tasi 6-avgust kuni Mirishkor tumanidagi bog‘chalarga yuborildi.
Boshqarma boshlig‘ining so‘ziga ko‘ra, buyurtma evaziga tayyorlanayotgan 4016 dona karovat ikki qavatli karovatlar bo‘lib, maktabgacha ta’lim tizimiga yana 8032 nafar bolani qamrab olish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida ichki imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda yangidan 100 o‘rinli 80 ta MTT quvvatiga teng imkoniyat degani.
Ma’lum qilishlaricha, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgan davrda viloyatda 326 ta MTT faoliyat olib borib 32 059 nafar bola qamrab olingan bo‘lib, bu 12 foizni tashkil qilgan. Bugungi kunda viloyatda MTTlar soni 917 taga yetkazilib, qamrov 78 592 nafarga, ya’ni 27,5 foizga o‘sgan.
— Quvonarlisi, viloyat hokimining tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim boshqarmasiga ajratilgan bino 1 milliard 650 million so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilinib, moddiy texnika bazasini rivojlantirishga ham 141 million 300 ming so‘m pul berildi, — deydi Asror Alimardonov. – Yana bir yangiligimiz shundan iboratki, respublikada faqatgina bizning boshqarma tarkibida 40 o‘rinli namunaviy metodologik maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilgan. Boshqarma tasarrufidagi mazkur “Ilk qadam” nomli metodologik MTT vazirlikning ilmiy, amaliy metodik qo‘llanmalarini ishlab chiqishga hamda amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Mirishkor tumanidagi 8-, 11- va 12-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida karovat yo‘qligi sabab bolalar yerda yotishga majbur bo‘layotgani xususida so‘z yuritgandik. Shundan so‘ng Mirishkor tuman hokimligi tashabbusi bilan tanqid qilingan bog‘chalarga karovat, televizor, muzlatgich va konditsionerlar olib berilgandi.