Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 27-iyul kuni inson o‘limi bilan tugagan yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot guruhi “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB

Tumandagi avtoyuvish shoxobchalaridan birida ishlovchi 1994-yilda tug‘ilgan E.D. shoxobchaga tashlab ketilgan Lacetti’ning qarovsiz qoldirilganidan foydalanib, hech bir hujjatsiz mashinani yo‘lga haydab chiqqan.

Avtoyuvish shoxobchasi ishchisi mashinani “Mehnatobod” mahallasining O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab boshqarib ketayotib, velosiped mingan 2006-yilda tug‘ilgan M.M.ni urib yuborgan; o‘smir voqea joyida halok bo‘lgan.

“Hozirda holat yuzasidan tergov oldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi rasmiy axborotda.

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB

Ushbu hodisa munosabati bilan Toshkent viloyati IIBB YHXB haydovchilarga murojaat qilib, avtomobillarni avtoyuvish shoxobchalari (“moyka”lar)da qarovsiz qoldirmaslikni, 27-iyul kuni yuz bergan hodisada mashinasini shoxobchada qarovsiz qoldirib ketgan haydovchining ham aybi borligini ta’kidlagan.

“Toshkent viloyati IIBB YHXB ota-onalardan farzandlariga Yo‘l harakati qoidalarida ko‘rsatib o‘tilganidek, 14 yoshdan keyin ko‘chalarda velosiped minishga ruxsat berishlarini hamda ularda velosiped minish ko‘nikmalarini shakllantirishlari lozimligini so‘raydi”, — deyiladi boshqarma bayonotida.