6-iyul kuni Toshkent shahar Olmazor tumani, Chuqursoy ko‘chasi 82-uyda joylashgan “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ “Chuqursoy” ishlab chiqarish korxonasi hovlisida turgan konteynerdan noxush hid va kuchli ovoz chiqqanligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan deb yozadi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Ko‘rsatilgan manzilga Toshkent shahar qutqaruv otryadi, Olmazor tumani harbiylashtirilgan yong‘in qutqaruv qismlaridan bo‘linmalar yetib borib, konteynerni suv bilan sovutgan.
“Xitoydan Chilonzor tumanida joylashgan korxona uchun 20 tonnalik konteyner ichida ikki turdagi Freon hamda suyultirilgan gaz mavjud bo‘lgan kimyoviy moddalar olib kelingan”, — deyiladi xabarda.
Havo haroratining yuqoriligi sababli konteynerning yuqori qismida joylashgan Refrigerant gas/ Freon R 410 A gaz suyuqligi qadoqdan yorilib tutun chiqa boshlagan.
Konteyner zararsizlantirilib yuk manziliga yetkazilgan.