Gosha laqabli inson tilida so‘zlovchi qarg‘a egasi Shodibek Choriyev vafotidan so‘ng tildan qolgan.

Foto: “Daryo”

Bu haqda marhum Shodibek Choriyevning dadasi Bo‘ri Rahimov jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusida gapirib berdi.

Gosha 1997-yilda uyimizga kelib qolgan. Unda u juda yosh edi. 22 yildan beri Sherobod tumanida bizning oilamizda yashab keladi. Gosha 32 so‘zni aytishga harakat qiladi. 10 tasini esa batafsil, to‘liq talaffuz qila oladi. Rahmatli o‘g‘lim 5 yoshligidan uni parvarish qilgan. 2001-yil o‘g‘lim maktabga chiqdi, Goshaning tili ‘Shodibek’ deb o‘shandan chiqqandi.

U maktabga ketganida o‘g‘limni qidirib, uni chaqiraverardi. Keyinchalik u ‘Otaxon, yaxshi boring’, ‘Shodibek’, ‘Gosha’, ‘Abbos’ kabi so‘zlarni takrorlay boshladi. Keyinchalik ‘Otaxon, yaxshi o‘qing’, yo‘ldan o‘tib ketayotgan bolalarga ham ‘Yaxshi o‘qi’ deb aytardi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. U ravon gapirishni o‘rgandi.

Ammo 2018-yil 9-oktabr kuni o‘g‘lim buyrak yetishmovchiligidan vafot etdi. Gosha bir oy umuman gapirmadi. Haftalab ovqat yemasdi. Bir oydan keyin kayfiyati oz bo‘lsada yaxshilana boshladi.

Gosha ayolimni juda yaxshi ko‘radi. Ba’zida ayolimning etagidan cho‘qib, uni hovlida sayr qilishga majburlaydi. U sayrga chiqqanida daraxtning uchiga, tomning tepa qismiga chiqib olib, Shodibekni chaqiradi. Qushlarning bunaqa xususiyatlarini bilardim, lekin Goshani ko‘rib qushning insonga qattiq mehr qo‘yishiga yana bir karra amin bo‘ldim. Qushlar bilan do‘stlik qanchalik mustahkam bo‘lsa, tabiat shuncha go‘zal bo‘ladi.

Gosha yoshligida inidan tushib ketgan. Chap oyog‘i singan bo‘lgan. Shodibek uni davolab voyaga yetkazdi. Yurganda ozgina seziladi, uchganda 10-15 daqiqa uchadi, lekin o‘zi sog‘lom. Goshaning faqatgina kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak. Gosha yong‘oqni yaxshi ko‘radi. Uning eng sevimli ovqati palov. O‘g‘lim hayot payti Gosha Shodibekni mendan qizg‘anardi. Hozir Shodibekning o‘rnini nabiram Samandar egallagan. Gosha bilan u shug‘ullanadi.

Goshani sotib olaman deganlar ancha bo‘lgan, lekin biz uni sotmaymiz, u bizning farzandimiz. Farzand esa hech qachon sotilmaydi.

Bo‘ri Rahimov