Katta shaharlarning manzaralari tobora ko‘p qavatli binolar bilan to‘ldirib borilmoqda, bunday osmono‘par binolarni qurish uslubi konservativ Skandinaviyani ham chetlab o‘tmadi. Misol uchun, Linchyoping shahrida o‘ziga xos bino qurish rejalashtirilgan. Bu g‘ayritabiiy bino shahar iste’molchilariga yangi sabzavot va reza mahsulotlarini yetkazib berish xarajatlarini kamaytirish va aholiga yangi mahsulotlar yetkazib berish uchun mo‘ljallangan vertikal issiqxonadir, deya yozadi TravelAsk.
Bino o‘zida noodatiy ofis va issiqxona me’moriy qorishmasini aks ettirgan. Janubda, maksimal darajada yorug‘lik va issiqlik mavjud bo‘lgan joyda sabzavot yetishtirish uchun xonalar bor, binoning taxminan 2/3 qismini egallagan soyali qismida ofislar joylashgan. Loyiha The World Food Building deb nomlanadi va bino qurilishi 2012-yilda boshlangan. Loyiha mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu vertikal issiqxona 500 ming tonnadan ortiq foydali sabzavot ishlab chiqarib, shaharning 5000 nafar aholisini barra mahsulot bilan ta’minlaydi.
O‘simliklar o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha elementlar suvli eritmadan kirib boradigan gidroponik metodi yordamida yetishtirilishi rejalashtirilmoqda. Issiqxonalarda zarur iqlimiy parametrlarni ta’minlash uchun kompyuter texnologiyasi qo‘llaniladi va o‘sishning ayrim bosqichlarida inson omili robotlashtirilgan tizimlarga almashtiriladi. Shahar fermerlik g‘oyasi yangi emas va butun dunyoda shunga o‘xshash loyihalar amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)