Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Shofirkon tuman sudi binosida 8-sinfda o‘qiydigan qizga nisbatan, qilgan o‘g‘rilik jinoyati sabab hukm o‘qildi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudi raisi Jamolbek Jumaniyozov xabar berdi.
Voyaga yetmagan Sh. Normurodova (ism-shariflar o‘zgartirilgan), 2017-yil 30-iyul kuni taxminan soat 9:40 larda, Buxoro shahar “Piridastgir” ko‘chasida joylashgan BAZAR nomli kiyim-kechaklar sotiladigan do‘konga mijoz sifatida kirib, u yerda sotuvchi bo‘lib ishlaydigan Z. Tilovovaning savdo ishlari bilan band bo‘lganidan foydalanib, unga tegishli bo‘lgan bahosi 1 000 000 so‘mlik Samsung Galaxy Grand Prime rusumli uyali telefon apparatini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Sud majlisida qonuniy vakili va advokati ishtirokida so‘roq qilingan voyaga yetmagan sudlanuvchi Sh. Normurodova aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, 2017-yil taxminan iyul oyining oxirlarida onasi F. Normurodova bilan tortishib uyidan chiqqanini va avtovakzaldan mashinaga minib Farg‘ona shahridan Buxoro shahriga kelganini aytgan. Buxoroga kelganida yonida pul qolmaganligi sababli biror kishini aldab pulini olishni rejalashtirib, Buxoro shahridagi BAZAR nomli kiyim-kechaklar sotiladigan do‘konga kirib, u yerda keyinchalik ismini bilgan Zilola ismli qizi savdo qilayotganligini ko‘rib, uni o‘zi ham sotiladigan narsalarni tomosha qila boshlab, Ziloladan ushbu narsalarni narxini so‘rab, turmush o‘rtog‘i bilan yangi uy sotib olganligini, turmush o‘rtog‘i harbiy qismda ishlashini, farzandlariga kiyim-kechak olishi kerakligini, turmush o‘rtog‘i maosh olganidan keyin pulini berishini, hozirda o‘zini tilla taqinchoqlarini garov sifatida qoldirishini aytgan. Zilola uni gaplariga ishonib rozi bo‘lgan, so‘ng u 2 dona ayollar lasinasi, 3 juft ayollar tuflisi, 6 dona ayollar ichki kiyimi, 3 dona ayollar ko‘ylagi, 1 dona bolalar uchun mayka-shortik, 1 dona ayollar koftasi, 1 dona ayollar yubkasi, 6 dona katta sochiq, 6 dona kichik sochiq, 2 dona erkaklar futbolkasi, 4 dona erkaklar trusigi, 3 dona erkaklar maykasi hamda bolalar uchun narsalar, jami 2 350 000 so‘mlik kiyim-kechaklar sotib olib, o‘zini bo‘ynidagi tilla zanjirini Zilolaga bergan va o‘zining noma’lum bo‘lgan telefon raqamini Zilolaga qoldirgan. Shu payt uni ko‘zi stol ustida turgan Samsung Galaxy rusumli telefon apparatiga tushib, ushbu telefon apparatini Zilolaga bildirmasdan olib, tashqariga chiqqan. So‘ng u avtobusga minib, avtovakzalga borgan va u yerdan taksida uyiga yetib borgan. Uyga kelganidan so‘ng Ziloladan olib kelgan narsa-buyumlarni uyiga qo‘ymasdan qarindoshlariga sovg‘a tariqasida bergan, uyali telefonni ehtiyotsizligi tufayli Buxorodan Farg‘onaga borishda yo‘lda yo‘qotib qo‘ygan. Sud zalida Sh. Normurodova jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni tez kunda ishlab qaytarishini, hozirda qilmishini tushunib yetganligi va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymondaligi haqida ko‘rsatuv berib, uning yoshligini inobatga olib unga nisbatan qonuniy yengillik qilishni so‘radi.
Sud jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni undirish va ashyoviy dalillarni keyingi taqdirini muhokama qilib:
- sudlanuvchi Sh. Normurodovadan jinoyat natijasida yetkazilgan zararning qoplanmagani sifatida 2 850 000 so‘m pul mablag‘ini hukm qonuniy kuchga kirgach jabrlanuvchi Z. Tilovovaga undirishni lozim topdi.
Sh. Normurodova JK 169-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu moddaga asosan 1 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Izoh (0)