Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etiladi.Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-may kuni “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Islom Karimov ko‘chasidan 1,1 gektar ajratilgan yer maydonida 2019-yil Investitsiya dasturi asosida 150 o‘rinli maktab-internat binosi va uning 100 o‘rinli yotoqxona binosi quriladi.
Maktab-internat bino va inshootlarini qurish bo‘yicha Sirdaryo viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachi etib belgilandi.
2019—2020-o‘quv yilida maktab-internatning 5-6-7-8-sinflariga hamda 2020—2021-o‘quv yilidan boshlab 5-sinfga 30 nafardan o‘quvchi qabul qilinishi belgilangan. Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda maktab-internatga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va adabiyot fanlaridan ijodiy tanlov, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlaridan test sinovi va psixologik-pedagogik tashxis o‘tkazadi.
Izoh (0)