18-may, shanba kuni professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili o‘zbekistonlik Shahobiddin Zoirov (1 ta g‘alaba, 1 ta nokaut) o‘zining ikkinchi jangini o‘tkazadi. Bu haqda GoSport xabar berdi.

Foto: Instagram

Daniyaning Orhus shahrida joylashgan “Vibi“ sport saroyida tashkil qilinadigan boks oqshomida Shahobiddin Zoirovga gruziyalik Mishiko Shubitidze (12 ta g‘alaba, 13 ta mag‘lubiyat, 3 ta durang, 5 ta nokaut) raqiblik qiladi.

Mazkur boks oqshomida o‘zbekistonlik boshqa bir bokschi, super yarim yengil (-58,97 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Xurshid Tojiboyev (1 ta g‘alaba, 1 ta nokaut) ham ringga ko‘tariladi. Xurshid shu kuni boshqa bir gruziyalik bokschi Irakli Shariashviliga (5 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat, 1 ta durang) qarshi ringga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, Shahobiddin Zoirov professional boksdagi debyut jangida indoneziyalik Entoni Holtni (5 ta g‘alaba, 1 ta durang, 5 ta mag‘lubiyat, 3 ta nokaut) birinchi raunddayoq nokautga uchratib, g‘alaba qozongan bo‘lsa, Xurshid Tojiboyev esa polshalik Kshishtof Rogovskini (10 ta g‘alaba, 29 ta mag‘lubiyat, 5 ta nokaut) uchinchi raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!