Xalq osoyishtaligini asrash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda mahalla fuqarolar yig‘inlardagi “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyati takomillashtirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, samarali faoliyat yuritishda shu kabi jamoatchilik tuzilmalarining moddiy-texnik ahvoli bugungi kunda qay darajada?
Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2018-yilda 9022 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tashkil qilingan bo‘lib, 9002 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalari faoliyat olib borgan.
Mazkur jamoatchilik tuzilmalari tarkibida 59636 nafar posbonlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordam berib kelgan.
Qolaversa, 2018-yilning o‘zida 142522 ta huquqbuzarlik va 3571 ta jinoyat bevosita “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi a’zolari xabarlari asosida aniqlangan.
Biroq, bugungi kunda posbonlarning xizmat olib borishida xizmat kiyimlari bilan bog‘liq muammo borligi ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, jinoyatchilikka qarshi kurashishda posbonlarni xizmat kiyimlari bilan ta’minlashga e’tibor berilmayapti. Bu esa ularni oddiy fuqarolardan ajratish borasida qiyinchiliklarni keltirib chiqarishiga va jinoyatchilikning oldini olishda foydalanmasdan kelayotgan kuch sifatida qolib ketishiga olib kelmoqda.Bu muammoni hal qilinmasdan qolishiga sabab sifatida biz posbonlar faoliyatiga bevosita daxldor bo‘lgan 2018-yil 3-iyuldagi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yig‘inining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish haqida”gi 497-sonli Qarorning tegishli bandlari talablari ijrosi to‘liq bajarilmasdan qolishini keltirishimiz mumkin.
Ushbu qarorning 2-bandiga ko‘ra, fuqarolar yig‘inining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi a’zolarining xizmat kiyimlarini tayyorlash va yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.Lekin, bugungi kunda “Mahalla” xayriya jamoat fondi ham, O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi ham jamoatchilik tuzilmasi a’zolarini xizmat kiyimlari bilan ta’minlashga talab darajasida e’tibor bermayapti.Bunga asosiy omil sifatida 2018-yil 3-iyuldagi Vazirlar Mahkamasining 497-sonli qaroridagi o‘ziga xos kamchilik hisoblanadi. Xususan, qarorda ko‘rsatilgan jamoatchilik tuzilmasi a’zolarining xizmat kiyimlari bilan ta’minlash talablari umumiy xarakterga ega.
Ya’ni, Fuqarolar yig‘inining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi a’zolarining xizmat kiyimlarini tayyorlash va yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan bo‘lib, muddati va qaysi tashkilot tomonidan qancha miqdorida moliyalashtirishning aniq mexanizmlari ko‘rsatilmagan.
Natijada qarorda ko‘rsatilgan muassasalarning qarorning ijro etish borasidagi sustkashligiga olib kelmoqda.Bu esa, davlat rahbariyatini mazkur jamoatchilik tuzilmasi borasidagi tanqidiy fikrlari kelib chiqishiga hamda jinoyatchilikning oldini olishda ushbu tuzilmani o‘rni sezilmasdan qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda.Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda davlat rahbari tomonidan bir qator xalqaro sport musobaqalari va turli iqtisodiy forumlar o‘tkazish bo‘yicha tashabbus ilgari surib kelinmoqda.
Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, xalqaro sport va boshqa tadbirlarga mezbonlik qilish bo‘yicha istiqbolli reja ishlab chiqilganda mazkur jamoatchilik tuzilmalarini ham hisobga olish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda,O‘zbekiston Respublikasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishda jamoatchilik tuzilmalaridagi moliyaviy-iqtisodiy muammoning mavjudligi ularning yetarli darajada faoliyat ko‘rsatishiga to‘siq bo‘layotgan asosiy omil bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)