Avval xabar berganimizdek, Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari Termizda o‘z ishini boshlagan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu san’at bayramida dunyoning 74 ta davlatidan 160 nafardan ortiq kishi qatnashmoqda. Ular orasida xalqaro tuzilmalar va hukumatlar vakillari, atoqli madaniyat arboblari, folklor san’ati namoyandalari, OAV xodimlari bor. Prezident ularni samimiy qutladi.

“Insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari eng avvalo har qaysi millatning folklor san’atida mujassam topgani hammamizga yaxshi ma’lum. Turli xalqlarning milliy o‘zligini, ularning tili va hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir.

Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan ‘ommaviy madaniyat’, shou-biznesning salbiy ta’siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog‘i bo‘lgan folklor san’atiga e’tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas.

Mana shunday noyob va buyuk san’at bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko‘p joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj bo‘lib turgani — bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir. Bu haqiqat ushbu go‘zal va betakror san’atning chinakam fidoyilari sifatida siz, azizlarni hammadan ko‘ra ko‘proq tashvishga solayotganiga ishonaman.

Biz xalq ijodiyotini, turli o‘lkalarda baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan ataladigan, o‘z timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etadigan insonlarning nodir iste’dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Bugun o‘z ishini boshlayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ayni shunday ulkan va muhim maqsadga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentga ko‘ra, bu borada, avvalo, baxshichilik san’atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish va mustahkamlash, uni milliy madaniyatning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish uchun birgalikda jiddiy ish olib borish kerak.

Xususan, baxshichilik sohasida shakllangan ijodiy maktablar, “ustoz — shogird” an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish, baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish, madaniyat va san’at muassasalari qoshida baxshichilik to‘garaklari tashkil etish, baxshi-shoirlar ijodiga keng yo‘l ochib berish, to‘y-tomoshalar, turli bayram va madaniy tadbirlarda ularning doimiy ishtirokini ta’minlash, shu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, baxshichilik san’atini keng targ‘ib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folklor asarlarining audio va video variantlarini ko‘paytirish maqsadga muvofiq.

“Agar biz bu noyob san’atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo‘ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi”, dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev bu borada O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mamlakatda xalq ijodiyotini asrab-avaylash va yuksaltirish maqsadida mashhur “Alpomish” dostonining 1000 yilligi keng nishonlandi. Bu ulug‘ badiiy obida sharafiga muhtasham haykal o‘rnatildi. Samarqand shahrida atoqli baxshilar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi bunyod etildi. “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis qilindi.

Termiz shahrida yangi tashkil etilgan baxshilar maktabida, respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablarida yuzlab yoshlar milliy folklor san’atini o‘rganmoqda. 100 tomlik “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Uning 59 jildi aynan xalq dostonlaridan iborat. Shuningdek, ko‘p tomlik “Qoraqalpoq folklori” to‘plami ham chop etildi.

Baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy o‘rganish ishlari muntazam davom etmoqda. Sohaga oid kitob va albomlar, filmlar va teleko‘rsatuvlar yaratilmoqda. Baxshilar xalqaro ko‘rik-tanlovlarda, xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlarida munosib ishtirok etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev festival va uning doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.