Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan Dang‘ara tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda qatnashgan 5 farzandli ayolga 3 xonali uy qurib berildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Dang‘ara tumanining Tangriqul qishlog‘ida yashovchi bu oilaning boquvchisi Shavkat Akbarov 3 yil avval ishlash uchun Rossiyaga ketib, tayinli pul jo‘natmagan. Natijada, shundoq ham amal-taqal qilib yashayotgan oila og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan. Qanoat Akbarova 5 nafar farzandi bilan qurilishi tugallanmagan bir xona uyda yashab kelgan.
Qanoat Akbarova qiyin vaziyatdan chiqib ketish chorasini izlab, fevral oyida viloyat IIB boshlig‘i rahbarligida o‘tkazilgan sayyor qabulda ishtirok etgan. O‘tgan qisqa muddat ichida ayolning xonadonida qurilish ishlari olib borildi. 100 million so‘m mablag‘ evaziga 3 ta yangi xona va ayvon qurildi, uy atrofi devor bilan o‘ralib, darvoza o‘rnatildi. Homiylar tomonidan xonalar jihozlandi.
Farg‘ona viloyatida 3-sektor rahbari tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan sayyor qabullarda fuqarolarning 400 dan ziyod muammolari o‘z yechimini topdi. Nogironligi bor fuqarolarning 20 nafariga maxsus aravachalar olib berildi.
Izoh (0)