O‘zbekistonda 2-aprelda to‘rtta notarial harakat uchun audio va videoyozuvlarni qayd etish, shuningdek, bunday elektron fayllarni saqlash qoidalari belgilandi. Bu haqda Norma xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, quyidagi hollarda notarial harakatlarni audio va videoyozuvlarga qayd etish majburiy sanaladi:
- vasiyatnomalar notarial tartibda tasdiqlanganda;
- notarial harakatlar notarial idora binosidan tashqarida bajarilganda;
- fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uni uning topshirig‘iga ko‘ra uning hozirligida boshqa fuqaro imzolaganda;
- murojaat etuvchining jismoniy nuqsoni (barmoqlarning yo‘qligi, barmoq izlari yo‘qolganligi va boshqa) sababli maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda.
Audio va videoyozuv fayli Tizim tomonidan berilgan reyestr raqami bilan nomlanadi. U elektron axborot tashuvchi jismlarda saqlanadi. Yil yakunida audio va video fayllar nusxalari DVD disklarga yoziladi hamda notarial idoraning temir javoni yoki seyflarida alohida paketlarda saqlanadi.
Notarius ishdan bo‘shaganda yoki boshqa ishga o‘tkazilganda DVD disklarda saqlanayotgan fayllar tekshirib ko‘rilgan holda yangi tayinlangan yoki vazifasi yuklatilgan notariusga dalolatnoma asosida topshiriladi.
Izoh (0)