O‘zbekistonning Respublika kinoprokat markazi shu yilning 18-mart kuni Xitoyning Gonkong shahrida boshlangan 23-Xalqaro FILMART kino va televizion filmlar kino bozorida ishtirok etib, ilk marotaba o‘zbek milliy filmlarini xalqaro maydonda taqdim qilmoqda. Bu haqda “Xalq so‘zi Online” xabar berdi.
Mazkur yirik tadbirning ikkinchi ish kunidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 40 ga yaqin davlatlaridan ishtirok etayotgan 850 taga yaqin kompaniyalar, distribyutorlar va xaridorlar qatorida O‘zbekiston vakillari ham o‘z mahsulotlarini xalqaro kinoprokatga chiqarish, chet el telekanallariga sotish hamda hamkorlikda filmlar ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazib, shartnomalar imzolagan.
Jumladan, Gonkongning Digital Content Co., LLC hamda AQShning All Rights Entertainment distribyutorlik kompaniyalari bundan buyon o‘zbek milliy filmlarini barcha xalqaro kino bozorlarida targ‘ib qilish va ularni sotishda Respublika kinoprokat markazi bilan hamkorlik qilishi kelishilgan.
Bundan tashqari, Singapurning BOMANBRIDGE kompaniyasi kino bozoriga olib borilgan “O‘zbekiston — Islom sivilizatsiyasi markazi”, “Xojai jahon Abduxoliq G‘ijduvoniy”, “Qadimiy Buxoro”, “Xoja Bahovuddin Naqshband” kabi hujjatli filmlarni janubi-sharqiy Osiyodagi musulmon aholiga ega mamlakatlarda Ramazon oyi arafasida telekanallarda keng namoyish etish uchun xarid qilish taklifi bilan chiqqan.
Xabarda aytilishicha, Fransiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Malayziya, Indoneziya va Tayvan kabi boshqa ko‘plab mamlakatlar kinokompaniyalari ham O‘zbekistonda filmlar suratga olishga qiziqish bildirgan va mavjud kino loyihalarini mamlakatda birgalikda amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu kino bozorida O‘zbekiston kinoprokat markazining ishtirok etishini tashkil qilish ishlariga konsultant sifatida jalb etilgan Italiyaning RIA televideniyesi vakili hamda ko‘plab xalqaro kinofestivallar va kino bozorlar tashkilotchisi, tajribali mutaxassis Karlo Antonio Jentayl yaqindan ko‘maklashmoqda.
Izoh (0)