Samarqand avtomobil zavodi (“SamAvto”) tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan zavodda yubiley sanaga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Foto: “Zarnews.uz”

“Zarnews.uz”ning xabar berishicha, marosimdan so‘ng yaponiyalik hamkorlar Samarqand viloyati hokimligi va “O‘zavtosanoat” vakillariga Isuzu Motors’ning D-MAX avtomobilini ko‘rsatib, kelgusida zavodda ushbu turadgi avtomashinalarni ham ishlab chiqarishni rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Samarqandda Isuzu D-MAX pikaplari ishlab chiqarilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ilk bor 2017-yil yanvarida paydo bo‘lgandi. O‘shanda “O‘zavtosanoat” kompaniyasi matbuot xizmati ikkita avtomobil namuna tariqasida O‘zbekistonga olib kelingani, ularni ishlab chiqarish haqidagi gap-so‘zlar “hech qanday asosga ega emasligi”ni ma’lum qilgandi.

Foto: Telegram

Qayd etish joiz, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning 2017-yil noyabrida Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga ko‘ra, Samarqandda Volkswagen Amarok pikapini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. O‘shanda ushbu loyiha 2018—2019-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlangan edi.