2019-yilning 9-mart kuni “Hilol-nashr” matbaa ijodiy uyining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamiga mansub “Tafsiri Hilol 30-juz” (Qur’oni karimning 30-porasi tafsiri) hamda “Usmon ibn Maz’un” jome masjidi imom-xatibi Is’hoqjon Muhammadjon o‘g‘li tomonidan yozilgan “Ta’lim va tarbiya” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Islom.uz” xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, “Tafsiri Hilol” mo‘tabar tafsirlarning an’analariga sodiq qolgan holda, bugungi kun kitobxonining saviyasi, dunyoqarashi va ehtiyojlarini ham hisobga olib yozilgan bo‘lib, o‘quvchini Qur’oni Karim ma’nolarining bitmas-tuganmas hikmatlariga oshno etadi.
“Tafsiri Hilol 30-juz” asarining o‘ziga xos jihati, muhim xususiyati uning muqaddimasidir. Ushbu muqaddimadan Islom dini haqida, uning dasturi Qur’oni Karim haqida ma’lumotlar o‘rin olgan. Muqaddima o‘quvchini Qur’oni Karim bilan tanishtiradi, uni o‘qish, anglash va undagi ilohiy ko‘rsatmalarga amal qilishga undaydi. Shu bois, muallif Qur’on o‘qishni inson umridagi eng savobli, eng barakali va eng foydali faoliyatning ibtidosi, deb ataydi.
“Ta’lim va tarbiya” kitobida qalb va unga tegishli bo‘lgan ijobiy va salbiy holatlar to‘g‘risida, qolaversa, qalbga bo‘ladigan tashqi va ichki ta’sirlar, hujumlar, tajovuzlar va yana boshqa narsalar to‘g‘risida ham ma’lumotlar berilgan.
Izoh (0)