Ma’lumotlar uzatish magistral tarmog‘ini kengaytirish va kommutatsiya markazlarini IMS (IP Multimedia Subsystem) texnologiyasi bo‘yicha modernizatsiya qilish uchun investitsiya loyihalari qiymati 38 million dollarga baholandi. Loyihalarning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari hisob-kitobi Vazirlar Mahkamasining 13-fevral kungi qarori bilan tasdiqlandi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Moliyalashtirish manbalari sifatida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (24,2 million dollar) va SMBC tijorat bankining (4,3 million dollar) kreditlari belgilandi. O‘zbekistonning ulushi bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar shaklidagi 8,5 million dollar, shuningdek, “O‘zbektelekom” kompaniyasining shaxsiy mablag‘lari — 1 million dollarni tashkil etadi.
Avvalroq loyihani amalga oshirish bo‘yicha tenderda Yaponiyaning Toyota Tsusho Corporation kompaniyasi g‘olib chiqqan edi. “O‘zbektelekom” Yaponiya kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.
Loyihalar tarmoqlararo tutashuv uchun 23 886 x E1 portlarini ishga tushirishni ko‘zda tutadi. Tranzit kommutatsiya tarmog‘ining umumiy quvvati bir vaqtning o‘zida 701,5 mingta tutashuvni tashkil etishi lozim.
Izoh (0)