Yunusobodda yangi ishbilarmonlik markazi — Yunusabad Business City qurilishi uchun 240 ga yaqin uy buziladi, deb yozadi “Podrobno.uz”.

Foto: “Podrobno.uz”

Yangi majmua Yangi Shahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasida quriladi, loyihaning umumiy qiymati taxminan 300 million dollarni tashkil etadi.

“Hozirda Otchopar-2 mahallasi aholisini ko‘chirish bo‘yicha tadbirlar rejasini tayyorlamoqdamiz. Ularda bir nechta imkoniyat bo‘ladi — bozor narxlari bo‘yicha tovon puli olish yoki Sergelida qurilayotgan yangi ko‘p qavatli uylarga ko‘chish. Ular, shuningdek, ko‘chish uchun Yunusobod tumanidagi shaharchani tanlashi mumkin. U yerda 20 gektar maydonda namunali kottejlar barpo etiladi”, — deydi Yunusabad Business City loyihasining bosh muhandisi Doniyorbek Mo‘minov.

Uning so‘zlariga qaraganda, qurilish ishlarini bahorda boshlash rejalashtirilmoqda, loyiha esa uch yil ichida yakunlanadi.

Yangi ishbilarmonlik markazi 45,5 gektar maydonda joylashadi. Bu yerda savdo markazlari, ko‘ngilochar maskanlar, ofislar, ma’muriy binolar paydo bo‘ladi.